Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Farishtalar Odam alayhissalomga qanday sajda qilgan?

Farishtalar Odam alayhissalomga qanday sajda qilgan?

Ba’zan "Allohdan boshqaga sajda qilish shirk bo‘ladi-ku, nega farishtalar Odamga sajda qilgan?" degan savolga duch kelib qolamiz. Xo‘sh, farishtalar Odam alayhissalomga qanday sajda qilishgan? Mavzumiz shu haqida.

Alloh taolo shunday marhamat qilgan: "Esla, farishtalarga: "Odamga sajda qilinglar!" deganimizni. Bas, sajda qildilar, magar Iblis bosh tortdi, mutakabbirlik qildi va kofirlardan bo‘ldi" (“Baqara”, 34).

Bu haqida boshqa bir necha oyatlar ham bor.

Demak, ushbu oyatda Alloh taolo farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurgan va ular sajda qilgan. Faqatgina Iblis takabburlik ila bosh tortgan va kofirlardan bo‘lib qolgani aytilmoqda.

Imom Rabboniy rahimahulloh: "Farishtalarda ularga Haq taolodan biron amr bo‘lsa "Nega?"  degan savol bo‘lmaydi. Ular ne ishga buyurilsa, o‘sha ishni shaksiz bajaradigan itoatkor maxluqlardir", deb aytgan.

Iblis esa asli jinlardan bo‘lgani uchun bo‘ysunmay, kofirlardan bo‘lib qolgan.

Mufassir ulamolarimiz bunday aytishgan: 

"Farishtalarning Odam alayhissalomga qilgan sajdasi Allohga itoat, ibodat va ushbu amrga itoat ila Allohga qurbat topish ma’nosida bo‘lgan. Odam alayhissalomga esa ushbu sajda sharaflash, ikrom etish va ta’zim ma’nosida bo‘lgan".

Tafsiri Tabariy. 1/301. Vasit. 1/119. Bag‘aviy. 1/35. Kashshof. 1/273.

Imom Zamaxshariy bu haqida bunday degan: "Alloh taolo farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Bu sajda hurmat va ta’zim sajdasi bo‘lgan". 

Imom Qurtubiy bu oyat tafsirida bunday keltirgan: "Odamlar bu sajda haqida u ibodat sajdasi bo‘lmaganiga ittifoq qilishgan (ya’ni bu sajda ibodat uchun bo‘lmagan). Ammo kayfiyati qanday bo‘lganiga ixtilof qilishgan. Jumhur ulamolar farishtalarga namozdagi sajda holati kabi peshonasini yerga tekkizishlari amr etilgan. Zotan, shariat va urfdagi sajdalar zohiran shundaydir. Shu sababli, ushbu sajda Allohga itoat, Odamning ehtirom qilish, uning fazlini izhori bo‘lgan, deb aytishgan.

Ba’zi ulamolar ushbu sajda engashib ta’zim qilish bo‘lganini aytishgan.

Alloma Majlisiy farishtalarning Odamga sajdasi haqida bunday degan: "Musulmonlar bu sajda ibodat sajdasi bo‘lmaganiga ijmo’ qilishgan. So‘ngra bu xususida uch qavlda ixtilof qilishgan:

1. Bu sajda Alloh taolo uchun bo‘lgan.  Odam alayhissalom esa qibla bo‘lgan (ya’ni bu o‘rinda sajda buyurilgan taraf bo‘lgan xalos).

2. Sajda asliy lug‘atda itoatkorlik va bo‘ysunishdir (ya’ni ular itoat etib bo‘ysunishgan, sajdadan murod bo‘ysunish bo‘lgan).

3. Ushbu sajda Odam alayhissalomga ta’zim va ikrom etish ma’nosida bo‘lgan. Bu sajdani buyurgan Alloh taoloning O‘zi bo‘lgani bois ushbu sajda Allohga ibodat bo‘lgan. Mufassirlarning bir jamoasi shunday ixtiyor etilgan. Bu biz keltirgan qavllarning eng yaxshirog‘idir.

(Ya’ni bu o‘rindagi sajda haqiqiy sajda bo‘lgan, ammo sajdadan murod Alloh itoati va ibodati bo‘lgan. Odam esa buyurilgan kimsa bo‘lgan, xolos).

Xulosa: biz ushbu sajda haqida tafsirchi ulamolarimizdan  qisqa va lo‘nda ma’lumotlar keltirdik.

Ba’zi ulamolar bu sajdani faqatgina ta’zim bo‘lgan deyishgan, ba’zilar esa rosmana sajda bo‘lgan deyishgan.

Eng maqbul qavl esa farishtalar Alloh taolo buyurgani uchun shaksiz bo‘ysunib sajda qilishgan. Ammo bu sajda zohiran Odamga bo‘lsa-da, mohiyatan Alloh taoloning O‘ziga bo‘lgan. Zotan, Allohdan boshqaga ibodat sajdasi qilish mumkin emasligini Alloh taoloning O‘zi buyurgan. Lekin ibodatlarni Egasi Allohning O‘zi bo‘lgani bois insonga sajda qilishgan amr etgan va bu U Zotning o‘z xohishi bo‘lgan.

Zotan, Alloh biron narsani ixtiyor etsa biron kimsaga maslahat qilmaydi va hech kimdan so‘ramaydi ham.

Odam alayhissalomga esa ushbu sajda hurmatlash va ulug‘lash ma’nosida bo‘lgan.

Vallohu a’lam.

Sunnatulloh Abdulbosit

Kiritildi: 14:15 10.01.2021. O'qildi: 7610 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!