Bugun 23 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Farg‘onada shifokor adashib bemorning sog‘lom oyog‘ini kesib tashladi

Farg‘onada shifokor adashib bemorning sog‘lom oyog‘ini kesib tashladi

Farg‘onada adashib bemorning sog‘lom oyog‘ini kesgan va uning o‘limiga sababchi bo‘lgan shifokor jinoiy jazoga tortildi.

Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, shifokor Abdubannop Madolimov Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi Farg‘ona filialining xirurgiya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Bemor Adinaxon Isomitdinova 2024 yil 18 oktyabrda farzandlari tomonidan filialga olib kelingan. Unga “qandli diabet ikkinchi turi og‘ir shakli, dekompensasiya bosqichi, DTS neyroishemik shakli, Vanger-4, chap oyoq boldir sohasida amputasiyadan keyingi holat tizza bo‘g‘imi maydalanib sinishi” tashxisi qo‘yilgan.

Abdubannop Madolimov 2024 yil 9 sentyabrdan 2024 yil 25 oktyabrga qadar o‘z hisobidan ta’tilda bo‘lgan. Bu vaqtda bo‘lim mudiri vazifasini vaqtincha bajarish D.Ravshanov zimmasiga yuklatilgan.

Biroq shunday bo‘lishiga qaramay Abdubannop Madolimov 2024 yil 18 oktyabr kuni bo‘limning vaqtincha mudirini go‘yoki tajribasiz sifatida ko‘rsatgan holda bemor A.Isomitdinovani davolash hamda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish ishlaridan o‘zboshimchalik bilan chetlatgan. So‘ngra bemorning hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, biror-bir tibbiy ko‘rsatma bo‘lmagani holda uning “chap oyoq son sohasini amputasiya qilish” rejasini ishlab chiqqan. Bu rejani tibbiy hujjatlar tarixiga bo‘limning vaqtinchalik mudiri nomidan rasmiylashtirgan.

Jarrohlik amaliyoti 2024 yil 19 oktyabr kuni Abdubannop Madolimov tomonidan o‘zboshimchalik bilan tanlangan tibbiyot xodimlari va tibbiy sohada mutaxassislikka ega bo‘lmagan talaba ishtirokida o‘tkazilgan. Ammo jarrohlik amaliyoti paytida bemorning biron-bir kasallik asorati bo‘lmagan o‘ng oyog‘i son sohasidan kesib tashlangan. Shifokorlar keyinchalik ayolning chap son sohasini ham ko‘r-ko‘rona amputasiya qilishgan.

Sog‘lom tana a’zosi kesib tashlanishi hamda bir vaqtning o‘zida ikki og‘ir turdagi jarrohlik amaliyotini ko‘tara olmaslik oqibatida bemor 2024 yil 7 noyabr kuni vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining 2025 yil 6 maydagi hukmiga ko‘ra Abdubannop Madolimov Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 3 yil Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida rahbarlik va shifokorlik vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shifokordan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga 27 mln 806 ming so‘m moddiy va 80 mln so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.

Jinoyat ishi Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan.

Abdubannop Madolimov apellyasiya shikoyatida harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligi, bemorning o‘limi uning harakatlari bilan bog‘liq bo‘lmagani haqida vajlar keltirgan hamda sud hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan. Jabrlanuvchining qonuniy vakili esa apellyasiya shikoyatida shifokordan 28 mln 995 ming so‘m moddiy va 350 mln so‘m ma’naviy zarar undirishni so‘ragan.

Apellyasiya instansiyasining ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Kiritildi: 23:45 22.07.2025. O'qildi: 2610 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!