Marg‘ilon shahrida Eron startap kompaniyalari ishtirokida loyiha qiymati 5 million dollar bo‘lgan texnopark va savdo majmuasi barpo etiladi. Mazkur investision loyiha natijasida 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Marg‘ilon shahridagi “Mr. fish company” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi muassisi, eronlik ishbilarmon Shafi G‘ulom Rizo hamda investor Katayun Behzadi bilan uchrashuvda mazkur texnopark hamda savdo majmuasini tashkil etish loyihasini jadallashtirish masalasini muhokama qildi.
“Mr. fish company” korxonasi shaharning “Yo‘rmado‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi sobiq to‘qimachilik kombinati binosida umumiy 10 gektar maydonda, 6 gektar bino inshootda faoliyat olib bormoqda. Yangi loyiha ikki bosqichdan iborat bo‘lib, dastlabkisi joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushiriladi. Bu yerda maishiy texnikalar yig‘ish, mehmonxona, savdo pavilyonlari tashkil etish, qurilish mollari ishlab chiqarish hamda barcha turdagi akkumlyatorlar ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish hajmi 80 million dollarga yetkaziladi.
Investor Shafi G‘ulom Rizo Erondagi kichik va o‘rta biznesning innovasion kompaniyalari bu loyihaga katta qiziqish bildirayotganini qayd etib, kompaniyalar ishlab chiqarishni tashkil etish bilan birga o‘z mahsulotlarini sotish imkoniyatiga ham ega bo‘lishini bildirdi.
Toshkentda ochilishi rejalashtirilayotgan Eronning Sharif texnologiyalar universitetining amaliyot bo‘limini ham Marg‘ilonda tashkil etilayotgan texnoparkda joylashtirish hamda muhandislar tayyorlashda Farg‘ona politexnika instituti bilan hamkorlik o‘rnatish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi muloqotda ushbu loyihalarni ma’qullab, ularni muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.