Farg‘ona viloyatida yashovchi 36 yoshli G‘.O. ariza bilan murojaat qilib, o‘zining bank kartasidagi 2 mln 240 ming so‘m pullari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi muqaddam JKning 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan sudlangan R.A. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan R.A. jabrlanuvchi G‘.O. bilan Telegram orqali tanishib, unga o‘zini savdo markazi xodimi sifatida tanishtirib, arzon narxda tilla taqinchoq buyumlari sotishini aytgan. U aldov yo‘li bilan 2 mln 240 ming so‘mini o‘tkazib olib olgan va uni qora ro‘yxatga kirg‘izib qo‘ygan.
Mazkur holat yuzasidan R.A.ga nisbatan JKning 168-moddasi (firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.