Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Farg‘onada 3 yillik jazoga hukm qilingan erkak yana jinoyatga qo‘l urdi

Farg‘onada 3 yillik jazoga hukm qilingan erkak yana jinoyatga qo‘l urdi

Ma’lumki, Farg‘ona tumani vodiyning qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaradosh tumanlaridan biri hisoblanadi. Bu esa, davlat chegarasi va unga yaqin hududlarda tinchlik-osoyishtalik hamda xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatlarning oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlaridan jiddiy mas’uliyat talab etadi.

Shunga qaramay, o‘z nafsining izmidan chiqolmagan ayrim kimsalar tomonidan nafa­qat turli tovar-moddiy boy­liklari, balki giyohvandlik moddalarini ham davlat chegarasidan yashirin ravishda o‘tkazish holatlari hamon uchramoqda. Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Far­g‘ona tuman sudida ana shunday jinoyat ishlaridan biri ko‘­rib chiqildi.

Tergov va sud jarayonida aniqlanishicha, tumanning Bo‘s­ton mahallasida yashovchi Shermatbek Jo‘rayev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining 2019 yil 13 apreldagi hukmiga binoan, Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi «a»-bandi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘z­lamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish) bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga mahkum etilgan. Ammo ko‘zi ochilmagan «qahramon»imiz ja­zo muddatini o‘tash mobaynida yana shu toifadagi jinoyatga qo‘l urdi.

Gap shundaki, Shermatbek 2019 yil 19 may kuni kiyim-kechak sotib olish maqsadida tumandagi «Farg‘ona» chegara nazorati punkti orqali Qirg‘iziston Respublikasining Qadamjoy tumani Xalmiyon qishlog‘idagi bozorga boradi. Bozorda u eski tanishi Sharif ismli yigit (jinoyat ishining unga nisbatan qismi ajratilgan) ni uchratib qoladi. Shu bois hol-ahvol so‘rashgach, mezbon uni uyiga taklif qiladi.

— Bugun seni bir mehmon qilay, — deydi Sharif giyohvandlik vositasi iste’moliga ishora etib.

Shundan so‘ng u SH. Jo‘rayevni «gashish» bilan «siylaydi». Natijada «tovar» ma’qul kelib, mehmon 500 grammga xaridor bo‘ladi.

— Besh yuz dollardan kami yo‘q, — dedi Sharif giyohvandlik moddasining bahosini.

— Mayli, roziman, faqat pulini keyinrok olasan, chegaragacha ham o‘zing olib borib berasan, — deya Shermatbek ham shart qo‘yadi.

Qisqasi, ertasi kuni kechqurun — soat 22:00 larda Sharif 500 gramm «gashish» va 0,73 gramm «opiy» giyohvandlik vositalarini chegaraga keltirib beradi. SH. Jo‘rayev esa, ularni qabul qilib olib, respublikamiz hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tadi. Keyin esa, bu giyohvandlik vositasini hovlisidagi daraxt ostiga ko‘mib qo‘yadi-da, vaqti-vaqti bilan iste’mol qilib yuradi.

Buni qarangki, oradan salkam olti oy o‘tib, 2019 yil 5 noyabr kuni kech soat 22:30 da Shermatbek o‘sha zahri qotilning bir qismini olib, o‘zining «Traker» rusumli, davlat raqam belgisi bo‘lmagan avtomashinasida Farg‘ona shahriga qarab yo‘lga tushadi. Uning maqsadi — giyohvandlik vositasini shahardagi faqat o‘zigagina ma’lum joyga yashirib ko‘yish va keyinchalik oz-ozdan «tortib» turish edi. Biroq u ko‘zlagan manziliga yetib borolmaydi. Negaki, tungi soat 00:00 ga yaqin Farg‘ona shahriga kiraverishdagi «Vodiy-5» yo‘l-patrul xizmati maskaniga yetib kelganda, uning bemahalda yurishi hamda avtomashinasining davlat belgisi mavjud emasligi DXX Farg‘ona viloyat boshqarmasi xodimlarining e’tiborini tortadi.

«Traker» to‘xtatib tekshirilganda esa, «sir» fosh bo‘ladi. Ya’ni «qahramon»imizning shimi cho‘ntagidan qora rangli selofan paketga o‘ralgan 502 gramm «gashish» va bir dona «Kent» nomli tamaki qutisida 0,73 gramm «opiy» giyohvandlik vositalari borligi aniqlanadi. Sud-kimyoviy ekspertizasi xulosalari «gashish» tarkibi tetragidrokannabinol moddasidan iboratligi, «opiy» tarkibida esa, morfin, kodein, tebain giyohvandlik moddalari mavjudligini tasdiqladi.

Albatta, mazkur holat bo‘yicha aybdorga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi, 276-moddasi 2-qismi “a”, “b»-bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Sud esa, har ikki moddada nazarda tutilgan va muqaddam o‘talmay qolgan jazolarni qo‘shish yo‘li bilan uni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Shu o‘rinda SH. Jo‘rayevning qilmishidan kelib chiqadigan ayrim mulohazalarga e’tiboringizni qaratsak. Avvalo, odam bolasi uchun giyohvandlik moddasini iste’mol qilishning o‘zi — kechirilmas xato.

Chunki bu baloning asorati in­son umrini tanazzul chohiga mubtalo qiladi.

Yana shuni ta’kidlash lozimki, Jinoyat kodeksining 42-moddasiga muvofiq, jazo jinoyat sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan davlat nomidan sud hukmi bilan qo‘l­lanadigan va mahkumni qo­nunda nazarda tutilgan muayyan­ huquq va erkinliklardan mahrum qilish yoki ularni cheklashdan iborat majburlov chorasidir.

U mahkumni axloqan tu­zatish, uning jinoiy fao­liyat­ni davom ettirishiga to‘s­qin­lik qilish hamda mahkum, shu­ning­dek, boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘lla­niladi. Shu ma’noda aytganda, Shermatbekka ilgari tayinlangan ozodlikni cheklash jazosi ham aslida unga qil­mi­shidan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib, kelgusi hayotini izga solib olishi uchun berilgan yana bir imkoniyat bo‘lgan. Ammo u…

Yoki «Bukrini go‘r tuzatadi» deganlari shumikin?!

Kiritildi: 12:08 25.05.2020. O'qildi: 2778 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!