Bugun 23 oktyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Farg‘ona forumi: Mintaqaviy tinchlik va hamkorlik yo‘lida yangi qadam

Farg‘ona forumi: Mintaqaviy tinchlik va hamkorlik yo‘lida yangi qadam

BMT shtab-kvartirasi o‘zining siyosat va tinchlik o‘rnatish masalalari bo‘yicha asosiy departamenti orqali Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi muloqot va sheriklikni mustahkamlash uchun yangi mintaqaviy platformaga aylanishi kerak bo‘lgan Farg‘ona tinchlik forumi haqida ma’lumot berdi. Bu mazkur tadbirning ahamiyati nafaqat mintaqada, balki butun xalqaro hamjamiyat uchun muhim voqea ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, forum joriy yilning 15–16 oktyabr kunlari Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, YEXHT, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, qator xalqaro va milliy hamkorlar tomonidan tashkil etildi.

Tadbirga 500 dan ortiq mehmon, jumladan, Markaziy Osiyo, MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi.

Farg‘onadagi uchrashuvning muhim xususiyati — uning inklyuziv xarakteri bo‘ldi. Unda nafaqat davlat organlari, ekspert va ilmiy-akademik doiralar vakillari, balki fuqarolik jamiyati faollari, jumladan, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari ham ishtirok etdi.

Forum keng qamrovli muloqot maydoniga aylandi. Xususan, uchta chegaradosh — Farg‘ona, O‘sh va Botken viloyatlari hokimlarining alohida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda hududlar rahbarlari hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar va o‘zlariga ishonib topshirilgan hududlarda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Farg‘ona forumi fuqarolik jamiyati, mahalla fuqarolar yig‘inlari, yoshlar tashkilotlari vakillariga ham vodiy obodligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha yangi rejalarni muhokama qilish va belgilash imkonini berdi. Bu, shubhasiz, fuqarolik jamiyatining o‘zaro hamkorligini kuchaytirib, Farg‘ona vodiysini tinchlik va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylantirgan qaytmas bunyodkorlik jarayonlariga xizmat qildi.

Bundan tashqari, forum xalqaro tashkilotlar uchun mintaqa davlatlarining xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish uchun platforma vazifasini o‘tadi.

Forumda bo‘lib o‘tgan muhokamalarning mazmun-mohiyati Kommyunikeda o‘z ifodasini topdi. Ushbu qo‘shma hujjatda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar strategik, keng qamrovli va ko‘p qirrali ekanligi ta’kidlandi.

Mamlakatlarni sheriklik va ittifoqchilik rishtalari bog‘lab turadi, bu esa davlatlar va hukumatlar, shuningdek, parlamentlar, mintaqalar va fuqarolik jamiyati o‘rtasida uzluksiz va ko‘p darajali muloqotni davom ettirishni talab qiladi.

Uchrashuvni namoyishkorona qo‘l siqish bilan mustahkamlagan Farg‘ona, Sug‘d va Botken chegaraoldi viloyatlari rahbarlaridan o‘rnak olib, uch mamlakat jamoatchiligi ijtimoiy tarmoqlarda mintaqa rahbarlari bilan birdamligini xuddi shunday qo‘l siqish orqali faol ifoda eta boshlagan fleshmob keng auditoriya e’tiborini tortdi.

E’tiborlisi, ushbu aksiyaga xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xususan, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze, YEXHTning mojarolarning oldini olish bo‘yicha markazi direktori Keyt Firon va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stipreys ham qo‘shildi. Bu, o‘z navbatida, davlat organlari, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillarining mintaqada barqarorlikni saqlash va izchil taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirishga tayyorligining yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Kiritildi: 20:09 19.10.2025. O'qildi: 693 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!