O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi tizimi yana yangi rahbar qo‘liga o‘tdi. Deputatlar ovozi bilan E’zoza G‘opirjonovna Karimova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimiga tayinlandi. U oxirgi 12 yil ichida ta’lim tizimiga rahbarlik qilgan beshinchi shaxsga aylandi.
Uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tasdiqlandi.
E’zoza Karimova 1973 yili Namangan viloyati Namangan tumanida tug‘ilgan. 1990-1966 yillarda Toshkent davlat universitetining falsafa fakultetida tahsil olgan.
E’zoza Karimova 2021 yilda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligida bo‘lim boshlig‘i, so‘ngra Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori maslahatchisi bo‘lgan. 2023–2024 yillarda «Yangi O‘zbekiston» universitetida prorektor sifatida faoliyat yuritdi. 2025 yil may oyida esa Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari — Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlangan.
O‘zbekistonda Xalq ta’limi vazirligi 1991 yilda tashkil etilgan. 2023 yil 1 yanvardan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga aylantirilgan.
So‘nggi 10 yilda bir necha shaxslar bu lavozimda faoliyat yuritdi: 2013-2018 yillarda Ulug‘bek Inoyatov, 2018-2021 yillarda Sherzod Shermatov, 2021-2022 yillarda Baxtiyor Saidov, 2022-2025 yillarda Hilola Umarova va endi E’zoza Karimova.