Evropa va Osiyodagi ba’zi davlatlar o‘zlarining shaxsiy yadro quroliga ega bo‘lish haqida jiddiy fikr yuritmoqda. Ular Tramp prezidentligi davrida Qo‘shma Shtatlarni ishonchli ittifoqchi sifatida ko‘rmayapti. Financial Times nashriga ko‘ra, bu holat yadro urushi xavfini oshirishi mumkin.
"Katta davlatlar o‘rtasida yadro qurolini tarqatmaslik bo‘yicha kelishuv tobora zaiflashmoqda. Tramp fenomeni AQSh ittifoqchilarining o‘zida yadro quroliga ega bo‘lish zarurati haqida jiddiy o‘ylashiga turtki berdi. Ular endi Qo‘shma Shtatlarga suyanib qolmasdan, o‘z xavfsizligini ta’minlash yo‘lini o‘zlari topishlari kerak, deb hisoblashmoqda", – deydi Karnegi jamg‘armasi tahlilchisi Ankit Panda.
Mutaxassislar fikricha, agar Qo‘shma Shtatlarning harbiy kafolatini kamaytirishi oqibatida Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma tugatilsa, dunyoda 15-25 ta yangi yadro davlatlari paydo bo‘lishi mumkin. Bu esa katta yadro urushining boshlanishiga olib kelishi ehtimolini oshiradi.
Financial Times xabariga ko‘ra, hozirda o‘z yadro quroliga ega bo‘lish masalasini jiddiy tarzda ko‘rib chiqayotgan to‘rtta davlat bor, bular — Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya va Yaponiya. Qayd etilishicha, Janubiy Koreya va Yaponiyaning qiziqishiga asosan Xitoy va Shimoliy Koreya yadro dasturlarining o‘sib borayotgani sabab bo‘lmoqda.
Garchi Donald Tramp AQSh yadro kafolatlarini qaytarib olishi haqida rasmiy bayonot bermagan bo‘lsa-da, so‘nggi vaqtlarda Yevropa mediasida Qo‘shma Shtatlar NATO doirasidagi harbiy majburiyatlarini kamaytirishi va qit’adagi harbiy ishtirokini susaytirishi mumkinligi haqida tashvishli ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi.