Bugun 24 avgust, 2026 yil, dushanba

КИР

Evropa Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha yangi koalisiya tuzmoqda

Evropa Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha yangi koalisiya tuzmoqda

Kiyev Fransiya qiruvchilari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va qanotli raketalarni ishlab chiqarish lisenziyalarini oladi.

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron Ukraina 16 ta Rafale qiruvchisi, SAMP/T zenit-raketa majmualarining yangi batareyalari hamda bir qator qurol-yarog‘larni, jumladan, SCALP qanotli raketalarini ishlab chiqarish lisenziyalariga buyurtma berganini ma’lum qildi.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, Parij ilk bor Kiyevga Fransiyada ishlab chiqarilgan SCALP qanotli raketalari, yuqori aniqlikdagi AASM aviasiya bombalari, Aster raketa-tutqichlari va radiolokasiya majmualarini ishlab chiqarish lisenziyalarini berishga rozilik bildirgan. Bu boradagi «yo‘l xaritasi» Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan kelishilgan.

Ishlab chiqarish AASM yuqori aniqlikdagi aviabombalarini, Aster raketa-tutqichlarini va SCALP qanotli raketalarini qamrab oladi. Makronning aytishicha, 16 ta Rafale qiruvchisi 2028–2029 yillardan boshlab Ukraina havo hududida xizmat qila boshlaydi.

Fransiya rahbari, shuningdek, Ukraina ittifoqchilari o‘t ochish to‘xtatilganidan keyin joylashtirilishi mumkin bo‘lgan ko‘p millatli kuchlarni tayyorlash maqsadida Ukraina bilan qo‘shni davlatlarda harbiy mashg‘ulotlarni boshlashga kelishib olganini bildirdi.

Bundan tashqari, to‘qqizta Yevropa davlati va Ukraina ballistik raketalarga qarshi mudofaa vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha koalisiya tuzilganini e’lon qildi. Unga Daniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvesiya, Buyuk Britaniya va Ukraina qo‘shildi.

Koalisiya ishtirokchilari qo‘shma bayonotda Yevropa xavfsizligini ta’minlash uchun integrasiyalashgan raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish zarurligini ta’kidladi. Mamlakatlar yagona tizimni shakllantirish maqsadida mudofaa sanoati, ilmiy ishlanmalar va harbiy tajribani birlashtirish niyatida.

Bu bayonotlar Parijda Ukrainaga ko‘mak va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan «xohlovchilar koalisiyasi» rahbarlari uchrashuvidan keyin yangradi.

Kreml ushbu birlashmani «urush tarafdorlari koalisiyasi» deb atab, Rossiya uning faoliyatini diqqat bilan kuzatib borishini ma’lum qildi.

Emmanyuel Makron va Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro yangi koalisiya tuzilishini Ukrainaga qarshi hujumlar kuchaygani bilan izohladi. Rossiya tomoni esa faqat harbiy ahamiyatga ega ob’ektlarga zarba berayotganini va fuqarolik nishonlariga hujum qilmayotganini ta’kidlab kelmoqda.

Kiritildi: 21:11 14.07.2026. O'qildi: 979 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!