Evropa Ittifoqi Ukraina bo‘yicha har qanday tinchlik kelishuvi Rossiyani javobgarlikdan ozod qila olmasligini qat’iy ta’kidlamoqda. YEI adliya komissari Maykl Makgratning Politico'ga aytishicha, muzokaralar Kremlning jazodan qutulib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va xalqaro tuzilmalar tomonidan hujjatlashtirilgan yuz minglab harbiy jinoyatlar mavjud. BMT komissiyasi Rossiyani insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topgan, Xalqaro jinoiy sud esa Putinning ukrain bolalarini deportasiya qilish bo‘yicha qo‘lga olish orderini chiqargan.
Makgrat Trampning avvalgi rejalarida tilga olingan amnistiya g‘oyasini “fojiaviy xato” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, jinoyatlar jazosiz qolsa, Yevropa yangi Rossiya tajovuziga duch kelish xavfi bor.