Ular orasida “Kiyev rejimini yo‘q qilish qilish” ham bor.
Nashrning yozishicha, Yevropa davlatlaridan birining razvedkasi tomonidan qo‘lga kiritilgan hujjat 18 fevral kuni Ar-Riyodda Rossiya va AQSh o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralardan oldin Kreml uchun tayyorlangan. Bu hujjat Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Ukrainadagi operasiyalarini nazorat qiluvchi Beshinchi xizmati bilan yaqin hamkorlik qiluvchi tahliliy markaz tomonidan ishlab chiqilgan.
Mazkur hujjatda Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning “100 kun ichida tinchlikka erishish” rejasi “amalga oshmaydigan” deb baholangan, Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish esa “2026 yilgacha imkonsiz” deb topilgan.
Mualliflarning fikriga ko‘ra, Ukrainaning bosib olingan hududlari Rossiya tarkibidagi suveren hudud sifatida tan olinmasa, urush qayta boshlanishi mumkin. Hujjatda nafaqat bosib olingan hududlarni Rossiyaning suvereniteti sifatida tan olish, balki Ukrainaning Bryansk va Belgorod viloyatlari bilan chegaradosh hududida xavfsizlik zonasini, shuningdek, Qrimga yaqin janubiy viloyatlarda, jumladan, Odessa viloyatini ham o‘z ichiga oluvchi demilitarizasiya zonasini yaratish talab qilingan.
Ukrainaning ehtimoliy yon berishlari, masalan, NATO'ga a’zo bo‘lishdan voz kechish va rossiyaparast partiyalar ishtirokidagi saylovlar o‘tkazishga rozilik kabi takliflar yetarli emas deb topilgan.
"Aslida, hozirgi Kiyev rejimi mamlakat ichidan o‘zgartirib bo‘lmaydi. Uni to‘liq yo‘q qilish zarur", deya hujjatdan iqtibos keltiradi The Washington Post.
"Ukrainada har qanday tinchlikparvar kuchlar, hatto Yevropaga tegishli bo‘lmaganlarini joylashtirish ham keraksiz hisoblanadi, chunki ular G‘arb ta’siriga juda kuchli moyil bo‘ladi", deya qayd etilgan Rossiyaning rejasida.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov WP'ga bergan izohida "bunday tavsiyalardan xabari yo‘qligini" va Kreml "yaxshilab o‘ylangan variantlar" ustida ishlayotganini aytdi.
"Moskvaning fevral oxiridagi ayrim harakatlari hujjatdagi takliflarga muvofiq kelmoqda. 24 fevral kuni Putin AQShga Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi nodir metall konlarini birgalikda o‘zlashtirishni taklif qildi. Tramp ma’muriyati vakillari bilan dastlabki uchrashuvlarda esa Rossiya diplomatik infratuzilmani tiklashga e’tibor qaratdi", deb yozadi nashr.