Evropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Komissiya Isroilga ikki tomonlama yordamni to‘xtatishini va mamlakat bilan Assosiasiya shartnomasi doirasida savdo qoidalari hamda radikal vazirlarga cheklovlar joriy etishni taklif qilayotganini ma’lum qildi.
Strasburgdagi Yevropa parlamenti yalpi majlisida so‘zga chiqqan fon der Lyayen G‘azodagi vaziyat haqida to‘xtalib, u yerdagi voqealar butun dunyo vijdonini larzaga solayotganini ta’kidladi.
— “Texnogen ochlik hech qachon urush quroli bo‘la olmaydi. Bolalar va insoniyat uchun buni to‘xtatish zarur”, — dedi u.
Fon der Lyayen Isroil hukumatining G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusdagi rejalari hamda radikal vazirlarning bayonotlari ikki davlat yechimini buzishga qaratilganini qayd etdi.
Uning aytishicha, Komissiya qator choralar taklif qilmoqda:
Isroilga ikki tomonlama yordamni to‘xtatish;
Ekstremist vazirlar va zo‘ravon ko‘chmanchilarga qarshi sanksiyalar joriy etish;
Savdo munosabatlarini qisman to‘xtatish.
Shu bilan birga, u kelgusi oy “Falastin uchun donorlar guruhi” tashkil etilishini, G‘azoni tiklash uchun maxsus moliyaviy vosita yaratilishini e’lon qildi.
Fon der Lyayen 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Isroilni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid ostida qolmoqda. Uning pozisiyasi Yevropa Ittifoqining betaraflik va xalqaro huquqqa sodiqligi haqidagi da’volarini shubha ostiga qo‘ygan.