Fransiya va Ispaniyada yuz berayotgan yirik o‘rmon yong‘inlari hamon nazorat ostiga olinmagan. Tabiiy ofat oqibatida 250 mingdan ortiq odam evakuasiya qilindi. Xalqaro ommaviy axborot vositalari yong‘inlarning oqibatlari va ularga qarshi kurashdagi muammolarga keng e’tibor qaratmoqda.
The Times nashrining yozishicha, Bordo atrofidagi vaziyat «apokaliptik» tus olgan. Osmon to‘q sariq tusga kirgan, yong‘inlar 35 ming gektardan ortiq hududni qamrab olgan. Nashr o‘t o‘chiruvchilardan birining: «Bizda faqat bitta o‘t o‘chirish mashinasi bor... Biz shunchaki uylarning yonib ketishiga yo‘l qo‘ydik», degan so‘zlarini keltiradi.
Ispaniyaning La Vanguardia gazetasi yong‘inlarni milliy favqulodda vaziyat deb baholab, yuzaga kelgan holat uchun nafaqat o‘t qo‘yuvchilar, balki o‘rmonlarni parvarish qilmagan mulkdorlar va moliyalashtirishni qisqartirgan davlat idoralari ham mas’ul ekanini ta’kidladi. Nashrga ko‘ra, bunday ofatlarga qarshi kurashish uchun uzoq muddatli rejalashtirish va muassasalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish zarur.
Fransiyaning Le Diplomat nashri esa mamlakatda 42 ming gektardan ziyod hudud yonganini, Bordo xavf ostida qolganini yozdi. Nashr fuqarolik mudofaasi uchun ajratilayotgan mablag‘lar yetarli emasligini tanqid qilib, so‘nggi yillarda yong‘inlarga qarshi tayyorgarlik darajasi pasayganini qayd etdi.
Xitoyning CGTN telekanali Fransiya va Ispaniyadagi issiq havo hamda qurg‘oqchilik ulkan yong‘inlarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi. Telekanal muxbirlari katta o‘rmon maydonlari kulga aylanganini, havodagi qalin tutun ko‘rish masofasi va havo sifatini keskin yomonlashtirganini ma’lum qildi. Shuningdek, Bordoning mashhur uzumzorlarida tutun bu yilgi hosilga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytildi.
Mutaxassislar fikricha, Janubiy Yevropa har yili kuchayib borayotgan yong‘inlar mavsumiga duch kelmoqda. 1980 yildan buyon Yevropa global o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ikki barobar tez isib borayotgan qit’a hisoblanadi, bu esa yirik o‘rmon yong‘inlari xavfini yanada oshirmoqda.