Evrokomissiya Ukrainaga qo‘shimcha 6 milliard yevro ajratadi va Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanishni taklif qiladi.
Evroittifoq Ukrainaga deyarli olti milliard yevro miqdorida qo‘shimcha moliyaviy yordam yo‘naltiradi, deb ma’lum qildi Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Yevroparlamentdagi chiqishida. Bu mablag‘lar tarkibiga Yevropa Ittifoqida muzlatilgan Rossiya davlat aktivlaridan olinadigan foiz daromadlari hisobiga qaytarilishi kerak bo‘lgan kredit, shuningdek, Ukraine Facility dasturi doirasidagi mablag‘lar kiradi.
Fon der Lyayenning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hali ham Yevropani e’tiborsiz qoldirishi va jang maydonida o‘z maqsadiga erishishi mumkin, deb o‘ylamoqda. Shu sababli, uning so‘zlariga ko‘ra, YEI Kiyevni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni tezlashtirishi va kengaytirishi lozim.
Shu bilan birga, Yevrokomissiya Ukraina uchun uzoq muddatli moliyalashtirishning yangi variantlarini ham taqdim etdi. Fon der Lyayen yana bir bor muzlatilgan rossiyalik aktivlardan foydalanish tarafdori ekanini bildirib, taklif etilgan mexanizmni “eng samarali yo‘l” deb atadi.
Shu vaqtda YEI mamlakatlari bu mexanizmni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashga hali erishgani yo‘q. Davlat rahbarlari Yevrokomissiyaga turli moliyalashtirish variantlarini, jumladan alternativ sxemalarni ham ishlab chiqishni topshirgan. Muhokamalar yaqin haftalarda davom ettiriladi.