Suriyaning Es-Suveyda viloyatida druzlar qo‘mondoni Hikmat al-Hijriga qarashli kuchlar tomonidan nasldan-nasl yashab kelgan uylaridan majburan chiqarilgan beduin arab oilalarining bir qismi evakuasiya qilindi.
Tong soatlarida Es-Suveydaning markazidan to‘rtta avtobus va taxminan 20 ta shaxsiy transport vositasidan iborat kolonna yo‘lga chiqdi. Ularda ayollar va bolalarni o‘z ichiga olgan yuzlab beduin oilalari bor edi. Ular 13 iyulda boshlangan to‘qnashuvlar davomida al-Hijriga aloqador qurolli guruhlar tomonidan kuch bilan ko‘chirilgan edilar.
Evakuasiya rasmiy tuzilmalarning hamrohligisiz amalga oshirildi, biroq Suriya Qizil Yarim Oy jamiyati bilan muvofiqlashtirilgan holda o‘tkazildi. Evakuasiya qilinganlarning asosiy qismi zo‘ravonliklar markaziga aylangan El-Makus hududida joylashgan edi.
Kolonna avval Valga qishlog‘iga, so‘ngra Daraa viloyatidagi Izra tumaniga, keyinroq esa Damashq shahri atrofidagi vaqtincha turar joy markazlariga yetkazildi. Bu markazlar Suriya Qizil Yarim Oy jamiyati tomonidan tayyorlangan.
Anadolu agentligiga ma’lum qilgan suriyalik rasmiylarga ko‘ra, Damashq hukumati druzlar yetakchisi Hikmat al-Hijridan beduin oilalarini o‘z joylariga qaytarish bo‘yicha ogzaki kafolat olgan. Ammo al-Hijri guruhi haligacha rasman kafolat yoki qaytish shartlari yuzasidan bayonot bermadi.
Suveydadagi vaziyat Isroilning Damashqka qarshi havo hujumlari ortidan Suriya xavfsizlik kuchlarining hududdan chiqib ketishi bilan yanada keskinlashdi. Hokimiyat vakuumidan foydalangan qurolli druz guruhlari beduin oilalariga nisbatan hujumlar va majburiy ko‘chirish amaliyotlarini boshladi.