Isroilning "Mossad" razvedkasida ishlaganlikda ayblangan Eron fuqarosi Muhsin Langarneshin chorshanba kuni ertalab Eronda islom respublikasi Oliy sudi tomonidan tegishli hukm chiqarilgandan so‘ng qatl etildi. Bu haqda mamlakat sud hokimiyati matbuot xizmati xabar berdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, Langarneshin "Mossad" bilan hamkorlikni 2020 yil kuzida boshlagan, shundan so‘ng maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va o‘sha yilning dekabrida Isroil maxsus xizmatlari uchun birinchi topshiriqni bajargan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u ikki yil davomida Eron hududida Isroil razvedkasi xodimlari va agentlari bilan yaqin aloqada bo‘lgan, shuningdek, 2022 yil 22 may kuni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (Eron Qurolli kuchlarining elita qismlari) polkovnigi Hasan Sayad Xodayning o‘ldirilishida ishtirok etgan. Bayonotda aytilishicha, Langarneshin tergov harakatlari davomida aybiga iqror bo‘lgan.
"Uning "Mossad"dagi josuslik faoliyati, shuningdek, "Mossad" bilan bog‘liq terrorchilik guruhlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, jumladan, uning "Mossad" bilan himoyalangan aloqa liniyasiga egaligi aniqlangani bilan isbotlandi," - deyiladi hujjatda. Sud hokimiyati vakillarining ta’kidlashicha, Langarneshin o‘z kuratorlarining topshirig‘i bilan "muayyan ob’ektlarni" suratga olish bilan shug‘ullangan, isroilliklarga anonim sim-kartalar, mobil telefonlar va boshqa aloqa vositalarini bergan. Isroil razvedkasi vakillari bilan uchrashish uchun u Nepal va Gruziyaga ham borgan, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.