Eron rasmiylari Isroil va AQShning yadroviy inshootlarga zarbalari oqibatlarini baholashda davom etmoqda.
Bu haqda Nyu-Yorkdagi BMT tadbirlarida ishtirok etayotgan Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy ma’lum qildi.
"Ha, bizning Atom energiyasi tashkiloti hozirda yadroviy inshootlarga yetkazilgan zararni baholamoqda va biz bu masala bo‘yicha hisobot kutmoqdamiz. Bu juda xavfli ish. U yerda nima bo‘lganini bilmaymiz, chunki radiasiyaviy ifloslanish xavfi bor. Lekin, aytmoqchi, ular ustida ishlamoqda. Va yaqin kelajakda Atom energiyasi tashkiloti ushbu masala bo‘yicha hisobot taqdim etadi”, - deya ta’kidladi G‘aribobodiy.
Eslatib o‘tamiz, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi harbiy operasiya boshlagan edi. Oradan bir kun o‘tmasdan Islom Respublikasi javob hujumini amalga oshirdi. Qo‘shma Shtatlar mojaro kuchayganidan to‘qqiz kun o‘tib Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy inshootlariga zarba berib, unga kirishdi. 23 iyun oqshomida Eron Amerikaning Yaqin Sharqdagi eng yirik havo bazasi – Qatardagi Al-Udeyd aviabazasiga hujum qildi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qildi. O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi 24 iyundan kuchga kirdi.