Dunyo neft savdosining asosiy arteriyasi bo‘lmish Hormuz bo‘g‘ozida kema qatnovi to‘xtatildi. Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) hudud orqali kemalarning o‘tishiga ruxsat berilmasligini ma’lum qildi.
Reuters agentligining xabar berishicha, IIQK radioaloqa orqali barcha kemalarni ogohlantirmoqda. Eron rasmiylari bu borada hali rasmiy bayonot bermagan bo‘lsa-da, amaldagi taqiq xalqaro miqyosdagi eng muhim energiya yo‘nalishini falaj qildi.
Ushbu bo‘g‘oz dunyo neft eksportining asosiy yo‘li hisoblanadi. U orqali Saudiya Arabistoni, Eron, Iroq va BAA nefti boshqa mamlakatlarga yetkaziladi.
Fors ko‘rfazidan dunyo bozorlariga yetkazib beriladigan neftning uchdan bir qismi aynan ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Eron ushbu strategik nuqtani yopish bilan bir necha bor tahdid qilgan edi, hozirgi vaziyat esa global energiya bozorida keskinlikni yanada oshirishi kutilmoqda.