Bugun 29 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

Eron o‘z yadroviy qurolidan voz kechishi uchun qancha taklif qilinayotgani ma’lum bo‘ldi

Eron o‘z yadroviy qurolidan voz kechishi uchun qancha taklif qilinayotgani ma’lum bo‘ldi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eronning uran boyitish va atom bombasi yaratishdan voz kechishi evaziga mamlakatga tinch yadroviy dasturini rivojlantirish uchun 30 mlrd dollar ajratish taklifini muhokama qilmoqda.

CNN telekanalining xabar berishicha, masalaga yaqin to‘rtta manba bu ma’lumotni tasdiqlagan. Ularga ko‘ra, bu mablag‘lar AQShdan emas, arab davlatlaridan ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu masala Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvdan oldin muhokama qilingan. «Kimdir bu dastur uchun pul to‘lashi kerak, lekin biz bu majburiyatni o‘z zimmamizga olmaymiz», — degan Oq uy vakili.

Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati Eronga ayrim sanksiyalarni yengillashtirish va xorijiy banklarda muzlatilgan 6 mlrd dollarlik aktivlariga kirish imkoni berishni taklif qilmoqda.

Shuningdek, AQShning Fo‘rdo yadroviy markaziga bergan zarbasidan keyin uni qayta tiklash xarajatlarini AQShning Fors ko‘rfazi bo‘yicha ittifoqchilari qoplashi, biroq u yerda uran boyitishga ruxsat berilmasligi nazarda tutilgan. Oq uy bu takliflar Eronning yadroviy qurol egallashining oldini olishga qaratilganini ta’kidladi.

Vashington Isroil bilan o‘zaro zarbalar va AQShning Eron yadroviy markazlariga hujumidan so‘ng Tehron bu shartlarga ko‘nishidan umidvor. Ammo Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy hozircha Tehron AQSh bilan muzokaralarni qayta boshlashga tayyor emasligini aytdi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil bilan mojaro davomida Aragchi bir necha marta AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan telefon orqali suhbatlashgan va Isroil hujumlari to‘xtamas ekan, muzokaralarga qaytmasligini bildirgan.

Bu hafta Eron parlamenti AEXA bilan hamkorlikni to‘xtatishni ma’qulladi. AQShning 22 iyunga o‘tar kechasi amalga oshirgan hujumidan avval Eron hokimiyati agentlik xodimlarining yadroviy ob’ektlarga kirishini cheklagan edi. AEXA ma’lumotlariga ko‘ra, may oyi o‘rtalarida Eronda 409 kg yuqori darajada boyitilgan uran bor bo‘lib, bu 10 ta yadroviy kallak tayyorlashga yetarli bo‘lishi mumkin.

Agentlik rahbari Rafael Grossi bu moddaning qayerga yo‘qolganini bilmasligini aytgan. Eron esa uran zaxiralari hujumlardan oldin ko‘chirilganini ma’lum qilgan.

Kiritildi: 16:32 27.06.2025. O'qildi: 1022 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!