Uning ta’kidlashicha, Tehron va Livanning amaldagi hukumati mintaqaviy hamda ichki muammolarni hal qilish yo‘llari borasida jiddiy kelishmovchiliklarga ega. Biroq livanliklar «Hizbulloh» harakatining pozisiyasini ham hisobga olishlari zarur.
Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar asosiy masalada — hukumatlararo muloqot va ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish zarurligi borasida to‘liq kelishuvga erishgan.
Eron tashqi ishlar vaziri Tehron Beyrut bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni kengaytirishga intilayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Livandagi muhim siyosiy kuchlar, jumladan, shialarning «Hizbulloh» harakati ham mamlakatdagi qarorlarni qabul qilish jarayonida hisobga olinishi lozim.
«Qabul qilingan har qanday qaror Eronda e’tiroz uyg‘otmaydi, chunki bu Livanning ichki ishlaridir», — dedi Aroqchi.
Livan hukumati uzoq vaqtdan beri «Hizbulloh»dan qurolsizlanishni talab qilib kelmoqda. Biroq harakat bu talabni bajarishdan qat’iyan bosh tortmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, Livan hukumati harakatni bo‘ysundirish imkoniyatlari cheklangani sababli murakkab vaziyatga duch kelmoqda. Shu bilan birga, «Hizbulloh» Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan tashabbuslarga qarshi chiqmoqda, Livan hukumati esa janubiy qo‘shnisi bilan o‘zaro anglashuvga erishishga harakat qilmoqda.