AQSh Jahon chempionati guruh bosqichida eronlik muxlislar uchun ajratilgan chiptalar kvotasini bekor qildi. Eron Futbol federasiyasi turnir mezbonini siyosiy kelishmovchiliklar sababli muxlislarning stadionga kirishiga to‘sqinlik qilayotganlikda ayblamoqda.
"Jahon chempionati startiga uch kundan kamroq vaqt qolganida, AQSh yana milliy terma jamoamizning guruh bosqichidagi uchta o‘yiniga eronlik muxlislarning kirishiga to‘sqinlik qilishga urinmoqda", deyiladi Eron terma jamoasi bergan bayonotda.
Qayd etilishicha, davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar sababli AQSh vizalar berishni rad etish va boshqa byurokratik to‘siqlar orqali Eron delegasiyasiga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Xususan, terma jamoaning 15 nafar ma’muriy xodimiga viza berilmagan.
FIFA qoidalariga ko‘ra, har bir ishtirokchi davlatga o‘yinlar uchun chiptalarning 8 foizi ajratilishi kerak. Ushbu kvotani qabul qilib olgan Eron futbol federasiyasi Yangi Zelandiya, Belgiya va Misrga qarshi o‘yinlar uchun chiptalar sotuvini allaqachon boshlab yuborgan edi. Ammo AQSh rasmiylari kutilmaganda ushbu kvotani bekor qildi va natijada Eron futbol federasiyasi o‘z muxlislariga birorta ham chipta taqdim eta olmay qoldi.
Eron futbol mutasaddilari bu harakatni xalqaro musobaqalar ruhiga va ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi tenglik tamoyiliga zid deb baholadi. Shuningdek, ular FIFA va turnir tashkilotchilarini neytrallik hamda adolat prinsiplariga rioya qilgan holda eronlik muxlislar uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga chaqirgan. Hozircha FIFA va AQSh ushbu ayblovlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.
Eron terma jamoasi JCH—2026 guruh bosqichidagi dastlabki uchrashuvini 15 iyun kuni Los Anjelesda Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkazadi. Shuningdek, ular 21 iyun kuni xuddi shu shaharda Belgiya, 26 iyun kuni esa Siyetlda Misr terma jamoasi bilan kuch sinashadi.