The Wall Street Journal nashrining AQSh rasmiylariga tayanib yozishicha, Eron raketalari Amerika havo mudofaa tizimlariga moslashib olgan. Xususan, Tehron hujum paytida yuqori tezlikda uchadigan va yerga yaqinlashganda manyovr qila oladigan raketalardan foydalanmoqda.
Amerikalik rasmiylar Eron o‘ta muhim nishonlarga aniq zarba bera olayotganidan xavotirda. Ular Eron Xitoy yoki Rossiyadan yo‘nalish ko‘rsatish bo‘yicha yordam olayotgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Biroq gazeta buni tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmadi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi 19 iyulga o‘tar kechasi Eronga qarshi ketma-ket sakkizinchi kecha zarbalar berilganini ma’lum qildi.
Eron armiyasi bunga javoban 19 iyul kuni ertalab Kuvaytdagi AQSh harbiy ob’ektlari va texnikalariga dronlar bilan hujum qildi. Hujum ostida Al-Adiri lageri va Ali As Salem aviabazasi qoldi. Bu bazalar o‘tgan haftadan beri Eronning Fors ko‘rfazidagi AQSh aktivlari va ittifoqchilariga qarshi hujumlari doirasida nishonga olingan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi Iordaniyadagi hujum oqibatida juma kuni ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini va yana biri bedarak yo‘qolganini tasdiqladi. Urush boshlangandan buyon halok bo‘lgan amerikalik harbiylar soni 16 nafarga yetdi, 420 dan ortig‘i esa yaralandi.