Eron Majlisi (bir palatali parlament) raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibaf Eron Islom Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi tasdiqlangan shartnomani mamlakat prezidenti Mas’ud Pezeshkyanga yubordi.
Bu haqda Tasnim agentligi xabar berdi.
"Konstitusiyaning 123-moddasiga muvofiq, parlament raisi Muhammad Bag‘ir G‘olibaf Eron Islom Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani prezidentga topshirdi”, — deyiladi OAVda.
Hujjat, xususan, tomonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli barcha sohalardagi munosabatlarni chuqurlashtirish va kengaytirish, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, har tomonlama, uzoq muddatli va strategik sheriklik tamoyillariga muvofiq mintaqaviy va global miqyosdagi faoliyatni yaqindan muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni Kremlda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Rossiya va Eron prezidentlari Vladimir Putin va Masud Pezeshkyan ikki davlat o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan edi. 21 aprel kuni Rossiya rahbari kelishuvni ratifikasiya qiluvchi qonunni imzoladi.