2025 yil oxirida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Aerokosmik kuchlari Xitoydan zamonaviy sun’iy yo‘ldosh aloqa uskunalarini Birlashgan Arab Amirliklaridagi kompaniyalar tarmog‘i orqali sotib olgan, deya xabar bermoqda Financial Times nashri maxfiy tijoriy shartnomalar va hujjatlarga asoslanib.
Hujjatlarda qayd etilishicha, BAAdagi Gelesun kompaniyasi orqali IIQKga Xitoyning StarWin ishlab chiqaruvchisiga tegishli 4,5 metr diametrli motorli sun’iy yo‘ldosh antennasi yetkazib berilgan. Yuk Shanxaydan Dubaydagi Jabal Ali portiga olib kelingan, u yerdan esa Eron kemasi orqali Bandar-Abbos portiga yetkazilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yuk tashish jarayonida kemalardan biri GPS signallarini soxtalashtirgan va o‘zini O‘mon yaqinida deb ko‘rsatgan, ammo sun’iy yo‘ldosh tasvirlari uning haqiqiy joylashuvini fosh etgan.
Financial Times avval ham Eron AQSh va Isroilga qarshi harbiy harakatlarda Xitoy razvedka sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanganini yozgan edi. CNN esa AQSh razvedkasi Xitoy Eronga havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni rejalashtirayotganiga doir ma’lumotlarga ega ekanini bildirgan.