BBC Verify tahlil qilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va videolavhalarga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Eronning hujumlari natijasida Yaqin Sharqdagi AQShga tegishli 20 ta harbiy ob’ekt zarar ko‘rgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyi oxiridan buyon Eron sakkizta mamlakatda joylashgan muhim harbiy nishonlarga zarba bergan. Hujumlar oqibatida havo mudofaa tizimlari, yoqilg‘i quyish samolyotlari va radiolokasiya qurilmalariga millionlab dollarlik zarar yetgan.
So‘nggi uch oy davomida Tehron AQSh va Isroilning Eron hamda Livan hududlariga bergan zarbalariga javoban Amerika bazalari va qo‘shma harbiy inshootlarni nishonga olgan. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, «Epik g‘azab» operasiyasi boshlanganidan beri AQSh Eron hududidagi nishonlarga 13 mingdan ortiq zarba bergan.
Mujtabo Xomanaiy o‘z bayonotida Amerika ob’ektlariga qarshi amalga oshirilgan hujumlarni muvaffaqiyatli deb baholab, Yaqin Sharq endi AQSh harbiy bazalari uchun «xavfsiz hudud emas»ligini ta’kidladi.
Oq uy bir necha bor Eron harbiy salohiyati deyarli yo‘q qilinganini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, tahlilchilar hujjatlashtirilgan zararlar Tehronning javob zarbalari avval o‘ylanganidan ancha aniq va keng qamrovli bo‘lganini ko‘rsatayotganini qayd etmoqda.
AQSh Mudofaa vazirligi esa BBC Verify xulosalari yuzasidan izoh berishdan bosh tortib, buni «operasion xavfsizlik» bilan bog‘liq masala deb atadi.
Shuningdek, AQSh yirik sun’iy yo‘ldosh tasvirlari provayderlaridan biri bo‘lgan Planet Labsdan Eron va Yaqin Sharqning katta qismiga oid yangi tasvirlarni e’lon qilishga doimiy cheklovlar joriy etishni so‘ragani xabar qilinmoqda.