Bu haqda The Independent xabar bermoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hukumati hijob va odob-axloq qoidalariga rioya qilmagan shaxslarni aniqlash uchun yuqori texnologiyalarga tobora ko‘proq tayanmoqda. So‘nggi uch yil ichida esa ushbu qoidalar ustidan nazorat yanada kuchaytirildi.
Xabarlar berilishicha, Eron ayollari va qizlari hijobni majburiy o‘rash masalasida nafaqat amaliy, balki qonuniy jihatdan ham tizimli diskriminasiyaga duch kelishda davom etmoqda. Bu ayniqsa, ularning kundalik hayotining barcha jabhalarida sezilmoqda. Masalan, Tehrondagi Amir Kabir universitetida hijobsiz yurgan ayollarni aniqlash uchun yuzni tanib olish tizimi o‘rnatilgan. Taxminlarga ko‘ra, shahar ko‘chalaridagi kuzatuv kameralarida ham shunday dastur ishlatiladi.
Yangi choralar qatoriga ayollarni jamoat joylarida kuzatish uchun dronlardan foydalanish ham kiritilgan. Bundan tashqari, nazorat qilish vositalaridan yana biri – Nazer deb nomlangan maxsus ilova bo‘lib, u Eron polisiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu ilova orqali fuqarolar transport vositalarida, jumladan metro, taksi va tez yordam mashinalarida kiyinish qoidalari buzilgan holatlar haqida xabar berishlari mumkin.