Amerikaning «The Atlantic» jurnalida chop etilgan tahliliy maqolaga ko‘ra, Eron bilan so‘nggi bir necha oydan beri davom etayotgan urush AQShning harbiy va siyosiy qudratidagi ayrim tizimli zaifliklarni namoyon qilgan.
«Tasnim» xabarida keltirilishicha, Sent-Endryus universitetining strategik tadqiqotlar professori Fillips Peyson O’Brayen «Amerika davri tugadi» nomli maqolasida Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan AQShning global ustunligi davri yakunlanish bosqichiga kirganini ta’kidlagan.
O’Brayenning yozishicha, so‘nggi olti oy davomida AQSh eng zamonaviy qurollar, keng harbiy bazalar tarmog‘i, rivojlangan logistika tizimi va ko‘plab ittifoqchilarga ega bo‘lishiga qaramay, Eronni mag‘lub eta olmagan.
Muallifning ta’kidlashicha, urush arzon va ommaviy ishlab chiqariladigan, yuqori aniqlikka ega qurollar ham AQShning harbiy infratuzilmasi uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatgan.
O’Brayenga ko‘ra, o‘nlab yillar davomida AQSh har qanday harbiy inqirozda boshqa davlatlarga nisbatan ko‘proq resurs — ishchi kuchi, o‘q-dori, moliyaviy imkoniyat va diplomatik ko‘makni safarbar qila olishiga tayangan.
Tahlilchi Eron bilan urush mazkur yondashuvni shubha ostiga qo‘yganini va AQShning global harbiy imkoniyatlaridagi cheklovlarni yaqqolroq namoyon etganini qayd etgan.