Eron yadroviy dasturi atrofidagi siyosiy qarama-qarshilik yangi bosqichga chiqishi mumkin. AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Eron masalasini BMT Xavfsizlik Kengashiga olib chiqish uchun harakat boshladi.
Reuters xabariga ko‘ra, to‘rt davlat Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik — MAGATE Boshqaruvchilar kengashida tegishli rezolyusiya qabul qilinishiga erishmoqchi. Agar hujjat ma’qullansa, Eron yadroviy masalasi so‘nggi 20 yil ichida birinchi marta shu tartibda Xavfsizlik Kengashiga yuboriladi.
G‘arb davlatlari Tehronni yadroviy materiallar va ob’ektlar bo‘yicha yetarlicha ochiqlikni ta’minlamayotganlikda ayblamoqda. MAGATE bilan Eron o‘rtasida ayrim ob’ektlarga inspektorlarning kirishi masalasida ham kelishmovchilik saqlanib qolgan.
Masalaning BMT Xavfsizlik Kengashiga chiqarilishi Eronga xalqaro bosimni yanada kuchaytirishi mumkin. Biroq Tehronga qarshi yangi majburiy choralarni qabul qilish oson bo‘lmaydi — Eron bilan yaqin munosabatlarga ega Rossiya va Xitoy Xavfsizlik Kengashida veto huquqiga ega.