Eron hali AQShning mojaroni hal qilish bo‘yicha taklifiga rasmiy javob bermagan. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron Vashingtonning taklifini Pokiston vositachiligi orqali o‘rganmoqda va hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Avvalroq OAVlarda AQSh va Eron urushni to‘xtatish hamda Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi keskinlikni yumshatish bo‘yicha kelishuvga yaqin ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. Axios nashri ma’lumotiga ko‘ra, Vashington yaqin 48 soat ichida Erondan javob kutmoqda.
Shu bilan birga, Reuters manbalari Eron rasmiylari AQSh taklifini “amaliy rejadan ko‘ra istaklar ro‘yxatiga o‘xshaydi” deb baholayotganini yozgan. Isroil tomoni esa harbiy harakatlar yana kuchayishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirgan.
So‘nggi haftalarda AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyat Hurmuz bo‘g‘ozi, neft tashuvlari va mintaqadagi xavfsizlik masalalari sabab yana keskinlashgan edi.