Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy AQSh bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yakunlanish arafasida ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, kelishuv doirasida Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish ham nazarda tutilgan, Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha alohida muzokaralar esa keyinroq boshlanadi.
AQSh rasmiylari kelishuvning ayrim jihatlarini tasdiqlar ekan, Eron oladigan har qanday iqtisodiy imtiyozlar Tehron o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni qanday bajarishiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidladi.
Urush 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi zarbalari bilan boshlangan edi. Bunga javoban Tehron Isroil va Vashingtonning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga qarshi harakat qildi hamda jahon nefti va suyultirilgan tabiiy gaz tashuvining asosiy yo‘llaridan biri hisoblangan Hurmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ydi.
Aprel oyida e’lon qilingan sulhga qaramay, AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik to‘liq bartaraf etilmadi. Tomonlar vaqti-vaqti bilan bir-biriga zarbalar berib kelmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Eronga qarshi rejalashtirilgan yangi hujumlarni bekor qilganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokarachilar «yaqin orada ajoyib kelishuvga» erishgan va hujjat tez orada imzolanishi mumkin.
Biroq juma kuni Eron ommaviy axborot vositalari 14 banddan iborat ehtimoliy kelishuv tafsilotlarini e’lon qilganidan so‘ng, Tramp bu ma’lumotlarni rad etdi.
«Bu ma’lumotlarning kelishilgan shartlarga hech qanday aloqasi yo‘q va haqiqatdan yiroq», — dedi AQSh prezidenti.
Keyinroq muzokaralarda vositachilik qilgan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif AQSh va Eron o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘yicha kelishuvga erishilganini va hozirda uning yakuniy tasdiqlanishi kutilayotganini bildirdi.
Eron davlat OAVlarining xabar berishicha, Abbos Aroqchiy mamlakatning Oliy milliy xavfsizlik kengashida kelishuv yuzasidan turli qarashlar mavjudligini tan olgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning so‘nggi shartlarini qo‘llab-quvvatlayotganlar ham, unga qarshi chiquvchilar ham bor.
Shu bois AQSh va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuv hali rasman kuchga kirmagan. Biroq agar hujjat tasdiqlansa, u Hurmuz bo‘g‘ozining qayta ochilishi, harbiy keskinlikning pasayishi va keng qamrovli yadroviy muzokaralar uchun asos bo‘lishi mumkin.