Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
"G‘arb davlatlari rasmiylari va Atom energiyasi xalqaro agentligi (MAGATE) AQSh va Isroil havo hujumlaridan oldin Eronda bo‘lgan 400 kg yuqori darajada boyitilgan uran bilan nima sodir bo‘lganligi haqida aniq ma’lumotlarga ega emas", deya yozmoqda agentlik manbalariga tayanib.
Reuters Eron yadroviy dasturini cheklash uchun mas’ul bo‘lgan o‘nlab amaldagi va sobiq rasmiylar bilan suhbatlashganini da’vo qilmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tehron boyitilgan uranni yadroviy inshootlardan AQSh yoki Isroil zarbalaridan oldin olib chiqishga muvaffaq bo‘lganmi yoki yo‘qmi, aniq emas.
"Bu materiallarni qidirish endi Eron va G‘arb o‘rtasidagi “mushuk-sichqon o‘yini”ga aylanadi, — deya izoh berdi manbalardan biri.
MAGATE bahosiga ko‘ra, Eron 2025 yilgi urushgacha 400 kgdan ortiq 60 foizgacha boyitilgan uranga ega bo‘lgan. Bu 90 foiz qurol darajasiga yaqin hisoblanadi, bu miqdor to‘qqizta atom bombasini yaratish uchun yetarli.
"Agar eronliklar 400 kg yuqori darajada boyitilgan uran haqida rostini aytsa, muammo hal bo‘ladi. Ammo ular buni qilmasa, u bilan nima bo‘lganini hech kim aniq bila olmaydi", — dedi Reuters'ga G‘arb davlatlaridan birining rasmiysi.