Rossiya-Ukraina urushining dastlabki kunlaridan beri Turkiya tomonlar o‘rtasida adolatli va mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun barcha diplomatik resurslarni safarbar qildi.
Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
"Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimiz xalqaro hamjamiyatga yaxshi ma’lum. Biz “Urushda g‘olib yo‘q, adolatli tinchlikda esa yutqazuvchi yo‘q” shiori ostida barcha sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz", — dedi u.
Turkiya rahbari Anqaraga tashrif buyurgan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuvi haqida ham gapirdi:
“Bugungi muzokaralarda biz dolzarb mintaqaviy va global muammolarni, jumladan, Yaqin Sharq va Ukrainadagi voqealarni muhokama qildik”.
Erdo‘g‘an Vengriyaning turkiy davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasidan mamnunligini bildirib, Anqaraning strategik maqsadi bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga a’zolik yo‘lida Turkiyaga ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.