Bugun 1 noyabr, 2025 yil, shanba

КИР

Erdo‘g‘an va Mers G‘azo masalasida bahslashib qoldi

Erdo‘g‘an va Mers G‘azo masalasida bahslashib qoldi

Bu haqda Deutsche Welle xabar bermoqda.

"Fridrix Mers 30 oktyabr kuni migrasiya, mudofaa va G‘azodagi vaziyat bo‘yicha Germaniya va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni qayta tiklash uchun Anqaraga tashrif buyurdi. G‘azo masalasidagi turli qarashlar tufayli ikki davlat rahbari o‘rtasida bahs yuzaga keldi", deya xabar bermoqda nashr.

Anqarada bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Germaniya kansleri Berlin doimo Isroil tomonda qat’iy turishini aytdi. U G‘azo sektoridagi urush uchun javobgarlikni HAMAS harakati zimmasiga yukladi.

"Isroil o‘zini himoya qilish huquqidan foydalandi. Behisob qurbonlarning oldini olish uchun faqat bitta qaror zarur edi: HAMAS garovdagilarni oldinroq ozod qilib, qurolni tashlashi shart edi", — dedi Fridrix Mers.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa Mersning fikriga qo‘shila olmasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMASda yadro quroli ham, bombalari ham yo‘q, Isroil esa ularga ega bo‘lib, o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, G‘azo sektorini bombardimon qilishda davom etmoqda.

"Ular nafaqat G‘azoga hujum qilishmoqda, balki uni ochlik va genosid yo‘li bilan bo‘ysundirishga doim intilib kelishgan, bu holat hali ham davom etmoqda", — dedi Turkiya prezidenti. Shu bilan birga, u Germaniya va Turkiya G‘azo sektorining kelajagi masalasida “birgalikda” harakat qilishiga ishonch bildirdi.

Mers Anqarani HAMASga ta’sir o‘tkazishga, uni tinchlik kelishuvi rejasining ikkinchi bosqichiga o‘tishga undashga chaqirdi. 8 oktyabr kuni Turkiya, Qatar va Misr vositachiligida AQSh tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasiga erishilgan edi.

Erdo‘g‘an batafsil ma’lumot bermasdan, Turkiya vazirlari allaqachon HAMAS rahbarlari bilan muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha topshiriq olganini ma’lum qildi.

Kiritildi: 12:40 31.10.2025. O'qildi: 1047 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!