Juma kuni Ukraina delegasiyasi strategik mineral resurslar bo‘yicha kelishuvning yangi bosqich muzokaralarida ishtirok etish uchun Vashingtonga etib keldi.
Bu haqda Kiyevdagi manbalarga asoslanib, New York Times xabar berdi.
Delegasiyaga Ukraina iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Taras Kachka boshchilik qilmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar ikki kun davom etadi va faqat texnik xususiyatga ega bo‘ladi. Ushbu bosqichda yuqori lavozimli amaldorlarning ishtiroki rejalashtirilmagan.
Nashrning yozishicha, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi foydali qazilmalar bo‘yicha bitim loyihasining yangi versiyasida Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari haqida hech qanday so‘z yo‘q.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, Ukraina tabiiy resurs loyihalaridan olingan daromadning 50 foizini AQSh nazoratidagi investisiya fondiga o‘tkazishi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, kelishuvning yangi versiyasi yanada qattiqroq shartlarni o‘z ichiga oladi: Kiyev Qo‘shma Shtatlar tomonidan avval ko‘rsatilgan barcha harbiy va moliyaviy yordamni, shuningdek, yillik 4 foizni to‘liq qoplamaguncha, AQSh jamg‘armadan barcha daromadni olish huquqiga ega bo‘ladi.
Ilgariroq bosh vazir Denis Shmigal ushbu muzokaralarda Kiyevning aniq "qizil chiziqlari" mavjudligini ta’kidlagan edi - bular Konstitusiya, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish intilishi va xalqaro majburiyatlarni bajarish masalalariga taalluqli.