Bugun 18 noyabr, 2019 yil, dushanba

КИР

Eng ibratli oila boshlig‘i

Eng ibratli oila boshlig‘i

Shubhasiz, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insoniyat uchun namuna va taqlid qilinadigan zotdirlar. U zot musulmon er muslima ayolga nisbatan qanday muomala qilish, uning his-tuyg‘ulariga qanday rioya etish, er-xotin o‘rtasidagi muhabbat va rahmat qanday bo‘lishini go‘zal suratda o‘rgatib o‘tganlar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ayollari oldiga kirib-chiqishlarida ham bir nizom bor edi. U zot har kuni ertalab ayollari oldiga kirar va ularga salom berib, haqlariga duo qilar edilar.

Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bomdod namozini o‘qib bo‘laganlaridan so‘ng o‘sha joyda o‘tirar edilar. Odamlar ham u zotning atrofida o‘tirishardi. Quyosh chiqqanidan keyin birma-bir hamma ayollarining oldiga kirib, salom berar va haqlariga duo qilar edilar. Qaysi birining navbati kelsa, o‘sha uyda bo‘lar edilar”.

Asr namozini o‘qib bo‘lganlaridan keyin ham ularning oldiga kirar edilar. Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) asr namozini o‘qib bo‘lganlaridan so‘ng ayollarining oldiga kirar,  ularga yaqinlashar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hofiz ibn Hajar (rahmatullohi alayh) “Fathul boriy”da aytadi: “Bu rivoyatlarni jamlash mumkin. Ya’ni, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kunning avvalida salom va duoning o‘zi bilan kifoyalanar, kunning oxirida esa birga o‘tirib gaplashar edilar”.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning to‘qqiz ayoli bor edi. Rasululloh ular orasida taqsim qiladigan bo‘lsalar, birinchi ayoliga to‘qqiz kunda qaytib kelar edilar. Ayollarining hammasini yotadigan uyiga jamlar edilar”.

Yuqorida aytilgan so‘zlardan ma’lum bo‘ladiki, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu odatdlarini tark qilmaganlar.

Anas (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Zaynab bint Jahshga uylandilar... So‘ngra Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) u yerdan chiqib, Oisha onamizni hujralariga bordilar va: “Ey uy egalari, sizlarga Allohning salomi va rahmati bo‘lsin”,  dedilar. Oisha onamiz: “Sizga ham Allohning salomi va rahmati bo‘lsin. Ahlingizni qanday topdingiz? Alloh siz uchun barakali qilsin”, dedi. Bas, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hamma ayollarining hujrasi oldiga borib, Oisha onamizga aytgan gaplarni aytardilar. Ayollar ham Rasululloh (alayhissalom)ga Oisha onamiz aytgan gaplarni aytishar edi”.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ayollari o‘rtasida odil edilar. Birontasini boshqasidan afzal bilmasdilar. Buni quyidagi misollarda ko‘rishimiz mumkin.

Yotoqdagi adolatli taqsimlari. Urva (roziyallohu anhu) Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qiladilar. Oisha (roziyallohu anho): “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizning oldimizda tunashdagi taqsimotda ba’zilarimizning ba’zilarimizdan ustun qo‘ymas edilar. Gohida barchamizni oldimizga kelar edilar. Har bir ayolining oldiga qo‘l tekkizmasdan yaqin kelar edilar. Hatto navbati bo‘lgan xotinining oldiga kelib, uning oldida tunar edilar”, dedilar.

Safar qiladigan bo‘lsalar, ayollari o‘rtasida qur’a tashlashlari.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) safarga chiqmoqchi bo‘lsalar, ayollari o‘rtasida qur’a tashlar edilar. Qaysi birining hissasi chiqsa, o‘shanisi bilan safarga chiqar edilar. Ayollaridan har birining kunini va kechasini taqsim qilar edilar. Lekin Savdo bint Zama’ o‘z kunini Oisha (roziyallohu anho)ga hiba qilgan edi.

Oisha (roziyallohu anho)dan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ayollari bilan xoli qolganlaridagi xulqlari haqida so‘raldi. Shunda Oisha (roziyallohu anho): “Rasululloh sizlar kabi bir inson edilar. Lekin u zot insonlarning karamlisi, xulqi go‘zali, qavmining ichida muloyimi va hushchaqchaqlikda karomlisi edilar”,  dedi (Imom Ibn Sa’d rivoyati).

Manba: azon. uz

Kiritildi: 22:08 09.11.2019. O'qildi: 939 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi, va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!