O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev hamda Vengriya Respublikasi Tashqi ishlar va savdo vaziri Piter Siyayrto «Stipendium Hungaricum» stipendiya dasturi bo‘yicha Hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumiga Qo‘shimcha bayonnomani imzoladilar.
Ushbu hujjatga muvofiq, har yili Vengriya tomonidan o‘zbek fuqarolari uchun ajratiladigan ta’lim grantlari soni 200 tagacha oshirildi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi idoralararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, o‘zbekistonlik yoshlar uchun xorijda, xususan Vengriyaning nufuzli OTMlarida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, Vengriya hukumati 2018 yildan beri O‘zbekiston fuqarolarining o‘z OTMlarida ta’lim olishi uchun stipendiyalar ajratib kelmoqda.
Bugungi kungacha yurtimizdan 400 dan ziyod yoshlar Vengriyaning turli universitetlarida tahsil olib, ushbu dastur imkoniyatlaridan samarali foydalanishgan.
Vengriya tomonidan taklif etilgan ta’lim yo‘nalishlari O‘zbekiston iqtisodiyoti ehtiyojlaridan kelib chiqib tanlangan bo‘lib, nomzodlar ta’limni ingliz yoki venger tillarida olish imkoniga ega bo‘ladi.
Vengriya hukumati ta’lim to‘lovi, turar joy, tibbiy xizmat va stipendiyani o‘z zimmasiga oladi. Faqatgina aviachipta xarajatlari talabaning zimmasida qoladi.
Hujjatda tanlov jarayonida shaffoflik va adolatlilikni ta’minlash bo‘yicha qoidalar ham aks etgan.