Shu yilning 13 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligi tashabbusi bilan “Koreyaning bandlikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha koreys tilidan bo‘lib o‘tadigan navbatdagi test sinovlari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan Koreya Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida imzolangan “Bandlikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha ishchi kuchini Koreya Respublikasiga yuborish to‘g‘risida”gi Memorandumga muvofiq, yurtimiz fuqarolari mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasiga yuborilmoqda.
Memorandumga asosan, endilikda Koreyada mehnat faoliyatini yuritish uchun bo‘lib o‘tadigan test sinovlari faqatgina fuqarolarning koreys tilini bilish darajasini aniqlash bilan cheklanib qolmay, ularning malakasi, jismoniy holati va tajribasini tekshirishga qaratilgan malaka testlarini ham o‘z ichiga oladi.
Tadbirda Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun topshiriladigan test sinovlari bo‘yicha yuzaga kelayotgan savollar, test sinovlarini o‘tkazish tartibi, nomzod fuqarolar uchun qo‘yiladigan talablar, umuman, bu jarayonlar bilan bog‘liq dolzarb masalalarni tegishli tashkilot va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birga, atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun koreys tilidan navbatdagi test sinovlarida qatnashish istagini bildirgan fuqarolarga, shuningdek, 2018 yilning 9-15 may kunlari onlayn ro‘yxatdan o‘tgan, bank to‘lovini amalga oshirgan hamda Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan tasdiqlangan fuqarolarga navbatdagi test sinovlari 2018 yilning 20 iyulidan 28 avgustiga qadar bo‘lib o‘tadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Fuqarolarning mazkur xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarish maqsadida joriy yilning 6 oyi davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, respublikamiz fuqarolarini chet ellarda ishga joylashtirish maqsadida Koreya, Turkiya, Qozog‘iston, Latviya Respublikalari, Rossiya Federasiyasi, BAA, Ummon Sultonligi, Yaponiya, Polsha va Chexiya kabi bir qator davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan muloqot va muhokamalar olib borildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida birgina Rossiya Federasiyasining o‘zida 40 dan ortiq, Turkiya, Polsha va Yaponiyaning 10 dan ortiq vakolatli tashkilotlari, yirik ish beruvchi korxonalar va kadrlar agentligi bilan shartnomalar imzolandi.
Xorijiy davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan tuzilgan Bitim va shartnomalarga asosan 2018 yilning 6 oyi davomida Koreya Respublikasiga 1243 nafar, Rossiya Federasiyasiga 513 nafar, Turkiyaga 241 nafar va Polshaga dastlabki 5 nafar fuqarolarimiz ishga yuborildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 martdagi PQ-3584-sonli qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Agentlik filiallari huzurida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ishga chiqayotgan fuqarolarga temir yo‘l va aviachiptalarni 20 foizlik chegirma asosida sotishga ixtisoslashtirilgan maxsus kassalar (14 ta) tashkil etildi va 12,5 mingga yaqin fuqaroga Agentlik va uning hududiy filiallari tomonidan maslahat berish, ro‘yxatga olish hamda imtiyozli chiptalar berilishi orqali Rossiyada mehnat faoliyatini olib borishiga ko‘maklashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 yanvardagi 42-sonli qaroriga muvofiq 100.000 dona Eslatma, 15.000 dona targ‘ibot plakatlari tayyorlandi va tarqatildi.
2018 yilning birinchi yarim yilida Agentlikka yuridik tashkilotlardan 1657 ta, jismoniy shaxslardan 2116 ta murojaat kelib ularning barchasiga belgilangan tartiblarda o‘rganilib, tegishli javoblar yuborildi.
Shuningdek, Agentlik CALL markazi tomonidan fuqarolarning 30 mingdan ortiq qo‘ng‘iroqlari qabul qilinib, ularni qiziqtirgan savollarga tegishli javoblar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan Koreya bandlik va mehnat vazirligi o‘rtasida imzolangan “Bandlikka ruxsat berish tizimi bo‘yicha ishchi kuchini Koreya Respublikasiga yuborish to‘g‘risida”gi Memorandumga muvofiq respublikamiz fuqarolari Koreya Respublikasida ishga joylashtirib kelinmoqda.
Memorandumga asosan endigi davrda xorijiy fuqarolarni Koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirishda bo‘lib o‘tadigan test sinovlari faqatgina fuqarolarning koreys tilini bilish darajasini aniqlash bilan cheklanib qolmasdan, uning malakasi, jismoniy holati va tajribasini aniqlashni o‘z ichiga olgan holda o‘tkaziladigan malaka testlaridan ham iborat bo‘lmoqda.
Malaka testida nomzodning kasb mahorati, jismoniy holati, rang bo‘yicha ko‘rlik (daltonizm) darajalariga alohida e’tibor beriladi.
Bundan tashqari, umurtqa orasi diski churrasi mavjud, barmog‘i amputasiya qilingan arizachilar balli tizimga asoslangan testda ishtirok eta olmaydilar.
Balli tizim bo‘yicha yollashda nomzodlar kvota bo‘yicha ajratilgan miqdorda eng yuqori ball to‘plagan fuqarodan pastga qarab olish tartibida tanlab olinadi.
Testning birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tganlar malaka va muvofiqlikni tekshirishdan iborat bo‘lgan testning ikkinchi bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar.
Ikkinchi bosqich natijalaridan keyin ikki test ballari qo‘shiladi.
Bundan tashqari, barcha birinchi bosqichdan o‘tgan nomzodlar malaka testidan o‘tishlari shartk. Malaka testida ishtirok etmagan nomzodlar balli tizimga asoslangan bandlikka yollash tizimidan o‘ta olmaydilar.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, joriy yilda Kompleks test markazida baholash testidan o‘tgan va Agentlikka taqdim etilgan 2070 nafar fuqarolarga 5-16 mart kunlari koreys tilidan test sinovlari o‘tkazildi. Testdan muvaffaqiyatli o‘tgan 1544 nafar fuqaroga 29 apreldan 2 maygacha malaka testi o‘tkazildi. Malaka testidan 1001 nafar fuqaro muvaffaqiyatli o‘tdi.
Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining xati va unga ilova qilingan ro‘yxatga asosan 2018 yil 24-29 mart kunlari, avval Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini muvaffaqiyatli bitirib qaytgan fuqarolar uchun onlayn ro‘yxatga jarayoni va 2018 yil 4-21 may kunlari maxsus test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Unda Koreya tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga asosan ro‘yxatga olingan 1951 nafar fuqaro ishtirok etdi va ulardan 246 nafar fuqaro sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bugungi kunda Koreya tomoni bilan hamkorlikda Agentlik tomonidan respublikamiz fuqarolarini Koreyada mehnat faoliyatini tashkillashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida koreyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun koreys tilidan navbatdagi test sinovlarida qatnashish istagini bildirgan fuqarolarga, 2018 yilning 9-15 may kunlari onlayn ro‘yxatdan o‘tgan va bank to‘lovini amalga oshirgan hamda Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan tasdiqlangan fuqarolarga 2018 yil 20 iyul-28 avgust kunlari navbatdagi test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan.
Test sinovlari fuqarolarning kelishi belgilangan har bir kunda 4 bosqichda amalga oshiriladi.
Test jarayoni 2 qismdan, o‘qish (20 ta savol) va eshitish (20 ta savol) qismlaridan iborat. Har bir qismning davomiyligi 25 minutdan jami 50 minutni tashkil etadi.
Test formati bir nechta javob varianti bor savollardan iborat. Eshitish qismi o‘qishdan so‘ng darhol boshlanadi.
Mazkur test sinovidan o‘tuvchilar soni uzil-kesil o‘tuvchilarning kutilayotgan (ajratilgan kvota bo‘yicha koreys tili va malaka testlaridan o‘tishi kerak bo‘lgan fuqarolar) sonining 150-200 foizi doirasida bo‘ladi.
Uzil kesil barcha test sinovlaridan o‘tishi lozim bo‘lgan 3800 nafar fuqarolar sonidan kelib chiqib, navbatdagi test sinovidan 5700-7600 nafar atrofida fuqarolar o‘tishi kutilmoqda.
Test sinovidan o‘tish bali ushbu sondan kelib chiqqan holda, yuqori ball to‘plagan fuqarolar sonidan kelib chiqib belgilanadi.
Mazkur test sinoviga kiruvchi fuqarolar ro‘yxati quyidagilarga asosan shakllantirilgan:
Kompleks test Markazi (KTM) da dastlabki baholash testida ishtirok etgan va Agentlikka taqdim etilgan ro‘yxatga asosan 2018 yilning 9-15 may kunlari onlayn ro‘yxatdan o‘tgan va bank to‘lovini amalga oshirgan 15526 nafar fuqaro ma’lumoti Koreya Inson resurslarini rivojlantirish xizmati (KIRRX)ga taqdim etildi;
KIRRX tomonidan 2018 yil 20 iyul-28 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan 2 bosqich 2 jarayon test sinovlarida ishtirok etuvchi 13484 nafar fuqaro ro‘yxati shakllantirildi va Agentlikka taqdim etildi;
O‘z navbatida fuqarolar Agentlikning migration.uz veb sahifasi orqali berilgan e’londa ko‘rsatilgan tartibda testga kirish ruxsatnomasini chiqarib olishi va e’londa ko‘rsatilgan vaqtda test sinovida ishtirok etishi lozim bo‘ladi.
Mazkur e’londa berilgan ro‘yxatga asosan ruxsatnomasi chiqmagan 2 mingdan ortiq fuqarolar 3 bosqich 2 jarayon test sinovlarida qatnashishlari mumkin (Koreya tomonidan test sinovlarini o‘tkazish kompyuter tizimida amalga oshirilishi joriy etilganligi natijasida keng qamrovli talabgorlar auditoriyasidan bir vaqtda test sinovini olish imkonini bermaganligi sababli Koreya tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida bir nechta jarayonlarga bo‘lgan holda test sinovlari o‘tkazilmoqda. Shu sababli navbatdagi test jarayonida ro‘yxati chiqmagan fuqarolar Koreya tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida keyingi jarayonda test sinovlariga kiritiladi, ruxsatnomasi chiqmagan fuqarolar ro‘yxati migration.uz saytiga qo‘yiladi).
Ushbu fuqarolarni KTM test sinovlarida qatnashishlari talab etilmaydi, 24 AQSh dollari ekvivalenti miqdorida to‘langan bank to‘lovi saqlanib qolinadi va ular to‘g‘ridan to‘g‘ri
3 bosqich 2 jarayon test sinovlarida ishtirok etadi.
Mazkur jarayonni amalga oshirish uchun joriy yilning 3 sentyabrdan 30 sentyabr kuniga qadar pasportning laminasiya tomoni skaner variantini hamda 3,5 x 4,5 hajmdagi (oxirgi uch oyda sur’atga olingan) 2 dona rangli fotosuratni Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga yoki Agentlikning hududiy filiallariga topshirishlari lozim bo‘ladi.
Manzil: Toshkent shahar, Mirobod tumani, Mirobod ko‘chasi, 15-uy,
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi binosi