Bugun 10 noyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

«Endi davlat to‘ntarishini tushingizda ko‘rasiz!» – Japarov

«Endi davlat to‘ntarishini tushingizda ko‘rasiz!» – Japarov

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yakshanba kuni xalqqa qilgan murojaatida mamlakatda bundan buyon davlat to‘ntarishlari bo‘lmasligini ta’kidladi, deb xabar berdi «AKIpress».

«Mamlakatda hokimiyatni boshboshdoqlik orqali alishtirishga urinishga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat to‘ntarishlari endi bo‘lmaydi. Birinchidan, biz to‘ntarishga sabab qoldirmaymiz. Ikkinchidan, davlat ilgarigidek zaif emas, u endi kuchli. Uchinchidan, endilikda xalq kimni qo‘llab-quvvatlash lozimligi va hokimiyatni kim boshqarishi kerakligini yaxshi biladi. Bundan keyin davlat to‘ntarishlarini faqat tushingizda ko‘rasiz! O‘g‘rilik, talonchilik, tekin boylik ketidan quvish, to‘ntarishdan keyin mansab va davlat orttirishga urinishlar tushlaringizda qolsin», – degan Sadir Japarov.

Qirg‘iziston rahbariga ko‘ra, mamlakatda mavjud muammolarni jamoatchilikka ko‘pirtirgan holda ko‘rsatib odamlar noroziligini kuchaytirishga urinayotgan «g‘arazli maqsadli guruhlar» mavjud.

Qirg‘iziston Respublikasining 30 yillik tarixida mobaynida prezidentlar inqilob yo‘li bilan almashib kelmoqda. Sadir Japarovning o‘zi ham 2020 yil oktyabr oyida ommaviy namoyishlar ortidan hokimiyatga kelgan edi.

Qirg‘iziston bosh prokuroriga ko‘ra, mamlakatning sobiq uch prezidenti – Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev va Almazbek Atambayevga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

So‘nggi vaqtlarda Qirg‘iziston rasmiy idoralari mamlakatda ommaviy tartibsizliklar tayyorlash va yuqori lavozimdagi mas’ullarga qarshi suiqasd uyushtirishga urinishlarning oldi olingani haqida xabar berdi.

Jumladan, joriy yil aprel oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi davlat to‘ntarishining oldi olinganini ma’lum qildi.

O‘tgan yilning noyabrida esa hokimiyatni egallash rejasida gumonlangan yetti nafar shaxs qo‘lga olingandi.

Shuningdek, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyevga qarshi suiqasdni rejalashtirgani aytilgan shaxs ham ushlangandi.

Qirg‘iziston maxsus xizmati boshlig‘iga ko‘ra, yaqin o‘tmishda uyushgan jinoyat guruhlar butun mamlakat bo‘ylab ta’sirga bo‘lgan va parallel davlat tamoyili bo‘yicha faoliyat yuritgan.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil fevral oyida Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Sadir Japarov BAAning Dubay shahrida barcha sobiq prezidentlar bilan uchrashgan edi. Ushbu yig‘inda Asqar Akayev (1991–2005), Qurmanbek Bakiyev (2005–2010), Roza Otunbayeva (2010–2011), Almazbek Atambayev (2011–2017), Roza Otunbayeva (2010–2011) va Sooronbay Jeenbekov (2017–2020) qatnashgandi. Uchrashuvdan keyin S.Japarov sobiq prezidentlar o‘z xatolarini tan olgani va bir-birini afv etgani haqida bayonot bergani ma’lum.

Kiritildi: Bugun 13:08. O'qildi: 492 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!