2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda transport vositalari uchun «chiroyli» davlat raqami belgilarini auksion orqali sotish tartibi bekor qilinadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarorida (.pdf) belgilab qo‘yilgan. Unda avvalgi jarayonning «murakkab» ekani ta’kidlangan.
«Fuqarolar uchun auksion savdolarida ishtirok etish tartibi murakkab va ko‘p vaqt talab etishi, ayrim toifadagi davlat raqami belgilari uchun boshlang‘ich narxlar yuqoriligi keng aholi qatlami uchun bunday raqamlarni sotib olish imkoniyatini cheklamoqda», deyiladi hujjatda.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) tizimida har qanday raqam belgilarini sotish bo‘yicha auksionlar, shuningdek, «chiroyli» raqamlarni oshirilgan stavkalarda berish tartibi bekor qilinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron murojaat asosida onlayn rejimda uzluksiz ravishda yangilanib turadigan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida bo‘sh turgan istalgan harf va raqamlar kombinasiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini tanlab olishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu bazadan quyidagi axborot tizimlari orqali foydalanish mumkin:
- IIV ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘linmalarida joylashgan infokiosklar;
- Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi;
- YHXX rasmiy veb-sayti;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.
Tanlangan raqam yagona oshirilgan to‘lov evaziga beriladi, uning miqdori esa 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab, «Uzavtomotobelgi» davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi.
O‘zRTXB 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab «chiroyli» davlat raqami belgilarining auksion savdolarini to‘xtatadi.
Auksionga qo‘yilib, sotilmagan, shuningdek, ishlab chiqarilib, sotilmagan «chiroyli» davlat raqami belgilari:
- 1−3-toifadagi davlat raqami belgilari Uzavtomotobelgi tomonidan belgilangan yagona oshirilgan to‘lov evaziga beriladi;
- 4−6-toifadagi davlat raqami belgilari «chiroyli» bo‘lmagan davlat raqami belgilarini berishning amaldagi tartibida beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Uzavtomotobelgi davlat unitar korxonasi 2026 yil 1 yanvardan boshlab harf va raqam kombinasiyalariga ega bo‘lgan noyob davlat raqamlarini ochiq elektron auksion orqali taqdim etish huquqiga ega.