Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasiga avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi mexanizmini belgilab beruvchi hujjat loyihasi joylashtirilgan.
Loyiha o‘zgarishlarsiz qabul qilinsa:
- avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va avtoraqam berish xizmati tajriba tariqasida 2019 yil 1 maydan boshlab Davlat xizmatlari markazlari (DXM) orqali ko‘rsatiladi.
- O‘zbekistonda ishlab chiqilgan va xorijdan keltirilgan yangi avtomototransport va oldi-sotdi shartnomasi asosida mulkdori o‘zgargan ikkilamchi avtotransport vositalari DXMda ro‘yxatdan o‘tadi.
Avtotransportni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun faqatgina pasport va mulk huquqini e’tirof etish hujjati (avtosalonlardan beriladigan hisob-ma’lumotnoma, bojxona deklarasiyasi yoki oldi-sotdi shartnomalaridan biri) taqdim etiladi, xolos.
Xizmat ko‘rsatish vaqti atigi 1 soat.
Loyiha tashabbuskorlarining iddaosicha, loyiha bu jarayonda aholini qiynaydigan asosiy ikki muammo byurokratiya va korrupsiyaga barham beriladi.
- endilikda avtotransport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish talab etilmaydi.
- Agentlik avtotransportni ko‘zdan kechirmasdan ro‘yxatdan o‘tkazadi.
- avtoraqamlar ham korrupsiyaning oldini olish maqsadida maxsus elektron tizim orqali inson omilining aralashuvisiz to‘liq avtomatik tarzda tanlash orqali taqdim etiladi.
Har bir ro‘yxatdan o‘tkazilgan raqamlar Markaz binosidagi yirik interaktiv ekranda ochiq ko‘rinishda aks ettiriladi va real vaqt rejimida yangilanib boriladi.
Xuddi shuningdek, auksion orqali beriladigan avtoraqamlar toifasiga kirmaydigan ayrim xaridorgir raqamlarni (jumladan, ko‘zgu shaklidagi, masalan 212, 343, 717 va hokazo) orttirilgan stavkada taqdim etish nazarda tutilmoqda.
- Bunda ham korrupsion xavfni nol darajagacha kamaytirish maqsadida ushbu toifadagi raqamlar ham qo‘shimcha to‘lov evaziga avtomatik tarzda elektron tizim orqali tanlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Manba: minbar.uz
