Ekvador Milliy saylov kengashi amaldagi prezident Daniel Noboani prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘olib deb topdi.
Bu haqda Milliy saylov kengashi rahbari Diana Atamaint matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
"Biz Ekvador xalqiga ma’lum qilamizki, protokollarning 90 foizi ko‘rib chiqilgach, prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi natijalarida qaytarib bo‘lmaydigan tendensiya paydo bo‘ldi. Milliy saylov kengashi Milliy demokratik harakatlar partiyasidan nomzodlarni (prezident va vise-prezidentlikka) Daniel Noboa va Mariya Xose Pintoni g‘olib deb hisoblaydi" - deyiladi Milliy saylov kengashi bayonotida.
Atamaintning so‘zlariga ko‘ra, ovozlarni sanab chiqish natijalari “xalq irodasini to‘g‘ri aks ettiradi”.
Avvalroq Noboaning saylovlardagi raqibi Luis Gonsales o‘z mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortgan va ovozlarni qayta sanashga chaqirgan edi.
Milliy saylov kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, protokollarning 92,64 foizini qayta ishlagandan so‘ng, saylovchilarning 55,88 foizi Noboaga, 44,12 foizi Gonsalesga ovoz bergan. Nomzodlar o‘rtasidagi farq 1,1 million ovozdan ko‘proqni tashkil qiladi.