Maxsus tribunalni tashkil etish bo‘yicha “Asosiy guruhga” kiruvchi davlatlar tashqi ishlar vazirlari bugun Ukrainaning Lvov shahrida tegishli hujjatni imzoladi.
"Ushbu tribunal Rossiyaning siyosiy va harbiy rahbariyatini, jami 20-30 nafar shaxsni, javobgarlikka tortishni nazarda tutadi. Sud jarayonlari yuzma-yuz yoki sirtdan o‘tkazilishi mumkin. Ayblanuvchilar 30 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi, og‘ir hollarda esa umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin", — deya ma’lum qildi Yevroittifoq rasmiysi.
Maxsus tribunalni tuzish deklarasiyasini imzolagan davlatlar orasida AQSh bo‘lmagan. Bryusselda Vashington ham oxir-oqibat tribunalga qo‘shilishiga umid qilinmoqda.
"Qo‘shma Shtatlarning mazkur tribunalni tuzish jarayonidagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishi, Tramp ma’muriyatining Putinga bergan o‘nlab imtiyozlaridan biridir", — deya izoh berdi Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy.
"Keyingi qadam — Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning tribunal tuzishni so‘rab Yevropa Kengashi bosh kotibiga rasmiy murojaat qilishi bo‘ladi. Bu murojaat 13–14 may kunlari bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda topshirilishi kutilmoqda. Shundan so‘ng Yevropa Kengashi vazirlar qo‘mitasi rasmiy jarayonni boshlab beradi", deb yozadi Reuters.
Ushbu tribunal Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyati bo‘yicha tuziladi va norasmiy ravishda “Putin tribuali” deb atalmoqda. Biroq DW manbalariga ko‘ra, hozircha Rossiya prezidenti, bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri o‘z lavozimlarida bo‘lganligi sababli, ular “shaxsiy immunitet”ga ega hisoblanadi.