Evrokomissiya Armaniston tovarlari importiga qo‘yilgan Rossiya cheklovlarini qoplash maqsadida Armaniston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha favqulodda chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda.
Ushbu choralar qatoriga Armanistondan mahsulot eksport qilish uchun bojlarni kamaytirish ham kiradi. Bu haqda "Financial Times" nashri o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Nashrning ikki suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, bojlarning kamaytirilishi Rossiya Armanistondan olib kirishni taqiqlagan taxminan 20 ta tovar toifasining aksariyatiga daxl qiladi.
Tegishli takliflar yaqin haftalar ichida rasman ilgari surilishi mumkin. Ularni ma’qullash uchun YEIga a’zo aksariyat davlatlarning roziligi talab etiladi.
May-iyun oylarida Rossiya Armanistondan deyarli barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, jumladan, gullar, sabzavotlar, ko‘katlar, shaftoli, qulupnay, olma va baliq importini taqiqlab qo‘ydi. Cheklovlar Armanistonda 7 iyun kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan sal oldin joriy etila boshlagandi.
Saylovlarda partiyasi g‘alaba qozongan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan avvalroq Yevropa Ittifoqi Armanistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan bojsiz savdo qilishni va’da berganini aytgan edi. U, shuningdek, Armaniston hukumati Rossiya taqiqlaridan jabr ko‘rgan eksportchilarga yordam berishini va’da qilgan.