E’lon qilingan taqqoslama jadvalga ko‘ra, Evropa komissiyasi dastlab taklif qilgan «Barqarorlik va xavfsizlik, mudofaa sanoati va kosmos» yo‘nalishi uchun mablag‘ 130,704 milliard evrodan 113,712 milliard evroga tushirilmoqda. Qisqartirish qariyb 17 milliard evroni tashkil etadi.
Harbiy harakatchanlik dasturi uchun ajratiladigan mablag‘ ham 17,651 milliard evrodan 15,644 milliard evroga kamaytirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu dastur mablag‘lari, jumladan, EI davlatlari o‘rtasida harbiylar va harbiy texnikani tezroq ko‘chirish imkonini beruvchi transport infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan umumevropa Connecting Europe Facility dasturi mablag‘larini 81,428 milliard evrodan 69,713 milliard evroga qisqartirish taklif qilinmoqda.
Ilmiy tadqiqotlarga mo‘ljallangan Horizon Europe dasturi byudjeti ham 175 milliard evrodan 158,2 milliard evroga kamaytirilishi rejalashtirilgan.
Umuman olganda, «Raqobatbardoshlik, farovonlik va xavfsizlik» byudjet yo‘nalishini Evropa komissiyasining dastlabki loyihasiga nisbatan qariyb 75,2 milliard evroga qisqartirish taklif etilmoqda.
EI Kengashiga raislik qilayotgan Irlandiya ushbu takliflarni shanba kuni davlatlar o‘rtasida 2028–2034 yillarga mo‘ljallangan ko‘p yillik byudjet hajmi borasidagi kelishmovchiliklar davom etayotgan bir paytda taqdim etdi. Germaniya va uning ittifoqchilari xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirishni talab qilmoqda, boshqa davlatlar esa ayrim dasturlarning moliyalashtirilishi kamaytirilishiga qarshi chiqmoqda.
EIning yangi byudjeti umumiy hajmini 159 milliard evroga kamaytirib, 1,826 trillion evroga tushirish taklif qilingan. Hujjat dastlabki xususiyatga ega bo‘lib, 15–16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda EI etakchilari tomonidan muhokama qilinishi kutilmoqda.
So‘nggi yillarda Evropa Ittifoqi o‘z mudofaa salohiyatini kuchaytirish va harbiy harakatchanlikni oshirish, jumladan, qo‘shinlar hamda texnikani sharqiy qanotga tezroq ko‘chirish zarurligini ta’kidlab kelmoqda. Biroq yangi byudjet loyihasida tegishli dasturlarni moliyalashtirish Evropa komissiyasining dastlabki takliflariga nisbatan kamaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Ukraina uchun kelgusi etti yil davomida qariyb 100 milliard evro miqdoridagi moliyaviy yordamni avvalgi darajada saqlab qolish rejalashtirilmoqda.