Bugun 11 oktyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Trampdan «ayyor» taklif: Eronga Isroil hujum qilsin

Trampdan «ayyor» taklif: Eronga Isroil hujum qilsin

AQSh Isroilga Eronga mustaqil hujum qilishni taklif qilgan — Maariv.

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati so‘nggi haftalarda Isroilni Eronga qarshi mustaqil harbiy operasiya o‘tkazishga chaqirgan. Bu haqda Isroilning Maariv gazetasi xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington bunday yo‘l bilan AQSh harbiylarining mojaroda bevosita ishtirok etishi bilan bog‘liq siyosiy xavflarni kamaytirishni ko‘zlagan. Bu, ayniqsa, AQShda Kongressga oraliq saylovlar yaqinlashayotgan bir paytda Tramp uchun siyosiy jihatdan muhim bo‘lgan.

Amerika ma’muriyati Eronga qarshi zarbalarda AQShning bevosita ishtirok etishi Trampning siyosiy mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb hisoblagan. Shu bilan birga, Vashington Isroilning mustaqil harbiy operasiyasi 27 oktyabrga belgilangan parlament saylovlari oldidan bosh vazir Binyamin Netanyaxuning mavqeini mustahkamlashi mumkinligini taxmin qilgan.

Isroil mudofaa armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Eyal Zamir esa amerikalik rasmiylarni Eron bilan keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuv Isroildagi saylovlarning kechiktirilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Maariv ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington hozircha Isroilning mustaqil operasiya o‘tkazishi haqidagi talabidan voz kechgan. Avvalroq Donald Tramp AQSh oraliq saylovlarga qadar Eronga zarba bermasligini bildirgan edi.

Kiritildi: 19:34 10.10.2026. O'qildi: 1383 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!