Bugun 18 iyul, 2025 yil, juma

КИР

EI Gruziyaga vizasiz rejimni bekor qiladimi?

EI Gruziyaga vizasiz rejimni bekor qiladimi?

Evropa Ittifoqi Gruziya hukumatining siyosiy repressiyalariga javoban sanksiyalar joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. 2025 yil 15 iyul kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YEI tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Tbilisidagi siyosiy vaziyat muhokamaning asosiy mavzularidan biri bo‘ladi, deb xabar bermoqda Politico.

So‘nggi haftalarda Gruziyada muxolif siyosatchilarning hibsga olinishi va sud tizimiga bosim bo‘layotgani YEIning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi.

Yil boshida Yevropa Ittifoqi diplomatik pasport egalari uchun vizani cheklagan, hukumat strukturalariga moliyaviy yordamni qisqartirgan va yuqori darajadagi uchrashuvlarni to‘xtatgan edi. Endi esa qattiqroq choralar muhokamada: inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha YEI mexanizmi doirasida ayrim amaldorlarga qarshi viza taqiqlari va aktivlarni muzlatish kabi sanksiyalar rejalashtirilmoqda.

Eng keskin choralar qatorida Gruziya fuqarolari uchun vizasiz rejimni to‘liq bekor qilish ehtimoli ham bor. Agar Bryussel bu qarorni qabul qilsa, Gruziya YEIga nomzod bo‘lgan birinchi davlat sifatida vizasiz rejimdan mahrum bo‘ladi.

Shvesiya va Baltikabo‘yi davlatlari bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda, ayniqsa oktyabr oyidagi mahalliy saylovlardan keyin vaziyat yomonlashsa. Gruziya fuqarolarining YEI bilan vizasiz tartibdan ajralishi hukmron partiya — «Gruzin orzusi» reytingini tushirib yuborishi mumkin.

Biroq Sloveniya, Ruminiya kabi ba’zi davlatlar bu choralar oddiy fuqarolarga zarar yetkazishini ta’kidlab, ehtiyotkorlikka chaqirmoqda.

Fransiya, Niderlandiya, Polsha, Avstriya, Shvesiya hamda Baltika davlatlari sanksiyalarni faol targ‘ib qilmoqda. Ammo Vengriya va Slovakiya dialog yo‘lini tanlash tarafdori bo‘lsa, Gresiya keskin qarorlar Gruziya bilan siyosiy tanglikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Eng murosali variant sifatida ayrim gruzin amaldorlarining YEI hududiga kirishini cheklash yoki Assosiasiya kelishuvi, jumladan, erkin savdo bandlarini qisman to‘xtatib turish taklif etilmoqda. Bu choralarni ittifoq ichida mutlaq bir ovozliksiz, malaka bilan ko‘pchilik asosida qabul qilish mumkin.

EI tarkibiga kirish bo‘yicha Gruziya nomzodlik maqomini bekor qilish ehtimoli ham muhokamada, biroq bu qaror faqat 27 davlatning yakdil roziligi bilan amalga oshadi. Bunday holat Bryussel va Tbilisi o‘rtasida siyosiy inqirozni keltirib chiqarishi mumkin.

Kiritildi: 15:49 15.07.2025. O'qildi: 428 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!