So‘nggi yillarda sayyohlik bo‘yicha global tendensiyalar keskin o‘zgarmoqda. Bugun sayyohlar uchun manzilning o‘ziga xos ruhini mahalliy madaniyat bilan birga his qilish eng muhim tajribaga aylandi. Yevropa Sayohat Komissiyasining (ETC) “Evropadagi sayohat ruhi monitoringi” hisobotiga ko‘ra, yevropalik sayyohlarning 60 foizi yaqin oylarda bir nechta hududga emas, balki bitta manzilga sayohat qilishni rejalashtirgan. Bu esa sayyohlarning mahalliy madaniyatga yaqinlashish istagi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Turkiya aynan shunday tajriba istaganlar uchun ajoyib imkoniyatlarga boy o‘lkadir. Masalan, mavsumiy hosillarda ishtirok etish har bir kishi uchun benazir tajriba bo‘la oladi. O‘rta yer dengizi iqlimi va chuqur ildiz otgan zaytun yetishtirish an’anasi bilan Turkiya dunyodagi yetakchi zaytun ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga kiradi. Ayniqsa, Egey mintaqasida oktyabrdan yanvargacha davom etadigan zaytun yig‘im-terimi o‘ziga xos faoliyat sifatida ajralib turadi.
Egey: zaytun an’anasining yuragi
Anadolu madaniyatida zaytun daraxti markaziy o‘ringa ega bo‘lib, hatto uning kelib chiqishi shu hududga borib taqaladi, degan fikrlar mavjud. Bugungi kunda zaytun yetishtirish Turkiyaning Egey va Marmara sohillaridan tortib, O‘rta yer dengizi va Janubi-sharqiy hududlarigacha keng tarqalgan. Katta zaytunzorlarga ega mamlakat dunyoning eng yirik beshta zaytun va zaytun moyi ishlab chiqaruvchilaridan biri sanaladi. Shuningdek, u Yevropa Kengashining “Zaytun yo‘nalishlari” ro‘yxatiga ham kiritilgan bo‘lib, bu yerda 50–80 turdagi zaytun navlari yetishtiriladi.
Egey sohili esa bu merosning eng qudratli markazi bo‘lib, mamlakatdagi zaytun daraxtlarining 75 foizi aynan shu hududda joylashgan. Bu yerda zaytun nafaqat tirikchilik manbai, balki hayot tarzi, madaniyat va avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadriyatdir. Chanakkaledan Balikesirgacha, Manisadan Izmirgacha, Aydindan Mug‘lagacha bo‘lgan hududlarda uchraydigan qadimiy daraxtlar asrlar davomida yashab kelayotgan an’anani aks ettiradi.
Hosil mavsumida mintaqa yanada jonlanadi, oilalar birgalikda terimga chiqadi, bog‘lar esa bayramona kayfiyatga to‘ladi. Bu sayyohlar uchun quyoshli zaytunzorlar bo‘ylab sayr qilish, hosil jarayonida qatnashish va Egey hayotining o‘ziga xos ruhi bilan tanishish imkonidir.
Zaytun Egey taomlarining ajralmas qismi bo‘lib, nonushtalardan tortib, taomlar tayyorlanishida zaytun va zaytun moyining o‘rni beqiyosdir. Hosil mavsumi, odatda, zaytunlar yetilgach, yoz oxirida boshlanadi. Egey aholisi har bir zaytunni alohida terishni afzal ko‘radi — bu usul eng tiniq va sifatli zaytun moyini olish imkonini beradi. Terimdan keyin hosil tegirmonlarga olib boriladi va zaytun moyi siqib olinadi.
Zaytun daraxti yo‘nalishi — madaniyat va tarix bo‘ylab sayohat
Zaytun merosini chuqurroq his qilishni istaganlar uchun eng yaxshi yo‘nalish — Zaytun daraxti yo‘li. Ushbu marshrutda muhim zaytun yetishtiriladigan Kaz tog‘lari va Chanoqqal’adagi Adatepe zaytun moyi muzeyi joylashgan. U Turkiyaning birinchi zaytun moyi muzeyi hisoblanadi. Balikesirdagi Ayvalik tumani esa o‘zining geografik ko‘rsatgich sifatida ro‘yxatga olingan zaytun moyi bilan tanilgan. Manisa viloyati bugungi kungacha meva berib kelayotgan eng qadimiy daraxtlardan biri, 1650 yillik Kirkag‘ach zaytun daraxti bilan sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.
Urlada miloddan avvalgi VI asrga oid qadimiy Klazomenai zaytun moyi markazi va 4 ming yillik zaytun yetishtirish an’anasini aks ettiruvchi Ko‘stem muzeyi joylashgan. Bu hudud nafaqat zaytuni, balki uzumzorlari bilan ham mashhur!