Britaniyaning Economist jurnali Suriyani 2025 yil mamlakati deb atadi. Mamlakat «siyosiy xarakteri» yaxshilangani uchun shunday e’tirofga sazovor bo‘ldi.
«Bir yildan sal ko‘proq vaqt oldin Suriyani Eron va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jirkanch diktator Bashar Asad boshqargan. Uning qamoqxonalari siyosiy mahbuslar bilan to‘lib-toshgan, o‘zgacha fikrlovchilar qiynoq yoki o‘lim bilan jazolanardi. O‘n uch yillik fuqarolar urushi yarim milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi… 2024 yil dekabr oyi boshida qo‘zg‘olonchilar hokimiyatni egallab olgach, zolimning o‘zi qochishga majbur bo‘ldi», — deb yozadi nashr.
Nashrning ta’kidlashicha, ko‘pchilik Suriyaning yangi prezidenti, o‘tmishda jihodchilar yetakchilaridan biri bo‘lgan Ahmad al-Sharaa mamlakatda «qorong‘i islomiy teokratiya» o‘rnatishidan yoki Suriya «tartibsizlikka tushib qolishidan» xavotirda bo‘lgan.
«Unisi ham, bunisi ham bo‘lmadi. Ayollar yopiq kiyim kiyishlari yoki uyda qolishlari shart emas. O‘yin-kulgi va, ha, spirtli ichimliklar mumkin. Al-Sharaa mamlakatni birlashtirib, Amerika va Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan yaxshi munosabatlarni yo‘lga qo‘yib, hammani hayratda qoldirdi. G‘arb sanksiyalari yumshatilishi bilan iqtisodiyot ham tiklana boshlaydi», — deyiladi materialda.
«Shunga qaramay, Suriya 2025 yilda 2024 yilga qaraganda ancha baxtli va osoyishta bo‘ldi. Qo‘rquv endi umumiy emas. Hayot oson emas, lekin ko‘pchilik uchun u ozmi-ko‘pmi normal. Uch millionga yaqin suriyalik vataniga qaytdi», — deb yozdi Economist.
Bu yilgi asosiy da’vogarlar orasida «iqtisodiy xarakterni yaxshilagan» Argentina ham bor edi.
Economist an’anaviy ravishda dekabr oyida yil mamlakatini tanlaydi. Tahririyat «iqtisodiy, siyosiy yoki boshqa muhim jihatlarda eng katta yutuqlarga erishgan» mamlakatni aniqlaydi.