UYEFA rasmiy saytida yevrokubok turnirlarining final uchrashuvlarini boshqarib boradigan hakamlar ro‘yxati e’lon qilindi.
Xususan, «PSJ» va «Arsenal» jamoalari o‘rtasidagi Chempionlar ligasi finalini germaniyalik hakamlar boshqarib borishadi. Maydonda Daniel Zibert boshchiligidagi brigada ishlaydi. Zarur hollarda bosh hakamga uning hamyurti Bastian Dankert yordam beradi — u VAR (videoassistent) hakami etib tayinlandi.
Chempionlar ligasining final uchrashuvi 30 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tadi. «PSJ» musobaqaning amaldagi g‘olibi hisoblanadi. «Arsenal» esa o‘z tarixida ikkinchi bor finalga yo‘l oldi — 2006 yilda «kanonirlar» hal qiluvchi bahsda «Barselona»ga imkoniyatni boy berishgan edi.