Digital & Analogue Partners hamkori Yekaterina Smirnova "Kommersant’" nashriga ma’lum qilishicha, cheklovlar birinchi navbatda messenjer asoschisining shaxsiy pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkiga daxl qiladi.
"Telegram'dan odatdagidek foydalanish (yozishmalar, kanallarni o‘qish, qo‘ng‘iroqlar) ilgarigidek jinoyat tarkibini hosil qilmaydi. Shunday bo‘lsada, bu qaror Telegram uchun mutlaqo ahamiyatsiz deb bo‘lmaydi, u platformaga bo‘lgan bosimni oshiradi va uning faoliyatini yanada cheklash sari navbatdagi qadam bo‘lishi mumkin. Biroq Durovning ro‘yxatga kiritilishi foydalanuvchilar uchun oqibatlarga yoki Telegram'ning avtomatik taqiqlanishiga olib kelmaydi", — deya ta’kidladi u.
Axborot texnologiyalari sohasi bo‘yicha ekspert Vladimir Zikov RIA "Novosti" bilan suhbatda foydalanuvchilar ilovani o‘rnatish, akkauntga kirish, yozishmalar olib borish, kanallarni o‘qish, qo‘ng‘iroq qilish va o‘z kanalini yuritishni davom ettirishlari mumkinligini qo‘shimcha qildi. Telegram'ni o‘chirib tashlash, kanallardan chiqish yoki allaqachon to‘langan Premium obunasidan voz kechishga hojat yo‘q, deb qayd etdi u.
Biroq advokat Maksim Sikachning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil iyul oyida "Ekstremistik faoliyat to‘g‘risida"gi Federal qonunga kiritilgan tuzatishlar tashkilot a’zolaridan biri ekstremistik moddalar bo‘yicha aybdor deb topilgan taqdirda, ushbu tashkilotni avtomatik ravishda "ekstremistik" deb topish imkonini beradi.
"Shu bilan birga, Telegram'ga nisbatan uning faoliyatini terroristik deb topish bo‘yicha alohida sud hujjati talab etiladi. Hozircha bu oddiy foydalanuvchilarga nisbatan huquqbuzarlik tarkibini yaratadimi-yo‘qmi, deyish qiyin.
Shuningdek, Facebook bilan bog‘liq holatga solishtiriladigan bo‘lsa, u yerda Rossiya fuqarolarining ushbu servislardan foydalanishi alohida ko‘rsatilgan sud qarori bor edi. Telegram'ga nisbatan ham shunday eslatma bo‘ladimi-yo‘qmi hali noma’lum", — dedi advokat "Kommersant’"ga.